Shakira Pikening baʼzi sirlarini ochish bilan tahdid qildi
Ayni damda ular farzandlarining masalasida sudlashmoqda.

O‘tgan oy “Barselona” klubi himoyachisi Jerar Pike Shakira bilan munosabatlari yomonlashgani sababli ajrashishi maʼlum bo'lgan edi. Shu kunlarda ularning sudi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Pike va mashhur qo‘shiqchi qariyb 12 yil birga yashashdi. Biroq ushbu juftlik rasmiy nikohda bo‘lishmagan. Hozirda ularning ikki nafar farzandi bor. Er-xotin Pikening xiyonati tufayli ajralishmoqda.
Aytishlaricha, Pike Shakiraga sarmoya masalasini hal qilish uchun pul so‘ragan, xonandaning oilasi esa uni berishdan bosh tortgan.
Ushbu holatdan so‘ng Shakiraning ahvoli yomonlashgan. Shakira bilan birga “La Bisisleta” qo‘shig‘ini ijro etgan xonanda Karlos Vives qo‘shiqchining Jerar bilan ajrashganidan keyingi ruhiy holati haqida gapirdi:
"U menga xafa ekanligini aytdi. Shakira juda qiyin davrni boshdan kechirmoqda. Qo‘shiqchining holati juda yomon”, — dedi Vives.
“Barselona” prezidenti Joan Laporta ham Jerardan xavotir olmoqda.
"Pike azob chekmoqda. Bizning tasavvurimizda o‘yinchilarda shon-shuhrat, pul va ularga yoqadigan hamma narsa bor. Biroq bu narsalardan ham qadrli tuyg‘ular mavjud. Jerar ajoyib inson. U jamodagi sardorlardan biri, unga omad kulib boqdi va jamoamizga ko‘p narsa berdi. Pike muxlislarning barchа qo‘llab-quvvatlashi va mehriga loyiqdir. Men uni bilganim va yaqin munosabatda bo‘lganimdan baxtiyorman. U hozir azob chekyapti. Biz esa unga yordam berishimiz kerak”, — dedi Laporta.
Ayrim nashrlar bergan xabarlarga ko‘ra, Shakira Pikeni oshkora tarzda jazolamoqchi. Yulduzli juftliklar ko‘pincha shov-shuvli jarayonlarga duch kelishadi. Shakira va Pike ham bundan mustasno emas. Jerar ikki o‘g‘lining u bilan yashashini xohlaydi. “Marsa” nashrining yozishicha, futbolchi farzandlari Milan va Sashaning qonuniy vasiysiga aylanish niyatida. “Barselona” himoyachisi, ular butun umrlarini o‘tkazgan Kataloniyada qolishlari kerak deb hisoblamoqda.
Shakira, OAV xabarlariga ko‘ra, bolalarni Mayamiga olib ketmoqchi, chunki u Barselonada qolishni istamaydi. Sudga tayyorgarlik ko‘rish uchun Pike ajrashish bo‘yicha advokat Tamborero Abogadosga murojaat qildi. Xonandaning manfaatlarini oilaviy advokat Pilar Mane himoya qiladi.
Sobiq sevishganlar bolalarni vasiylik uchun qattiq kurashga tayyor. Pike va Shakira yaqinda uchrashib, vaziyatni muhokama qilishgan, biroq futbolchining bolalarni onasi bilan AQSHga qo‘yib yuborishdan bosh tortgani kolumbiyalik estrada xonandasini g‘azablantirgan. U Jerarning baʼzi sirlarini ochish, uning munozarali faoliyati va shaxsiy hayotining hozirgacha sir bo‘lib kelgan tafsilotlarini oshkor qilish bilan tahdid qilgan.
Shakirani yaxshi bilganlar hammasiga Pikening o‘zi aybdor ekanligini aytishmoqda.
Bu sud haqiqatan ham Pikega katta muammo tug‘dirishi mumkin. So‘nggi yillarda himoyachining obro‘siga katta putur yetdi. Aprel oyida Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF ) Pikening “Kosmos” kompaniyasi bilan Ispaniya Superkubogini Saudiya Arabistonida o‘tkazish uchun 24 million yevro to‘lashga kelishib olgani maʼlum bo'lgan edi. Vaziyat hal bo‘ldi, ammo Jerar nomi atrofidagi salbiy aura saqlanib qoldi. Klubda Pikening ishlari shundoq ham yaxshi emas.
“Barselona” bosh murabbiyi Xavi, 35 yoshli himoyachini jamoada saqlab qolmoqchi emas. Bundan tashqari klub rahbariyati yana bir bor futbolchilarning maoshlarini qisqartirishni talab qilmoqda.
Sud jarayoniga qadar vaziyat hozirda vasiylik masalalarida ko‘proq onalar tomonida bo‘lishi maʼlum qilingan. Qolaversa, Shakira Pikening baʼzi sirlarini bilishini, agar ular ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinsa, futbolchining obro‘siga yana-da taʼsir qilishini taʼkidlagan. Bu futbolchining suddagi imkoniyatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. Jerard sud jarayonlarida g‘alaba qozonish va o‘g‘illari bilan Barselonada doimiy yashash uchun juda ishonchli dalillar keltirishi kerak bo‘ladi.
Jamshidbek Amirov







