YChLda g‘olib bo‘lmagan yulduzlar
Ular bu mavsumda yana kubok uchun kurashadi.

Yevropa chempionlar ligasida g‘alaba qozonish har bir futbolchining orzusi hisoblanadi. Quyida ushbu musobaqada ishtirok etgan, biroq chempionlikni qo‘lga kirita olmayotgan yulduz futbolchilar bilan tanishishingiz mumkin.
Zlatan Ibrahimovich, “Milan”
Ibrahimovich uzoq yillik futboldagi faoliyati davomida hech qachon Chempionlar Ligasi kubogini boshi uzra ko‘tarmagan. Ammo Zlatan yoshi ulg‘aygan bo‘lishiga qaramay hali ham futbol o‘ynab kelmoqda. Unda kubokni yutish uchun yana kamida bitta imkoniyatga ega.
Kevin De Bryuyne, “Manchester Siti”
Gvardiola qo‘l ostidagi “Man Siti” anchadan beri Chempionlar ligasida g‘alaba qozonishga harakat qilib kelmoqda. Biroq, turnirda jamoaga biroz omad yetishmayapti. “Shaharliklar” keyingi mavsumda yana bir bor chempionlik uchun harakat qiladi.
Erling Holand, “Manchester Siti”
Norvegiyalik hujumchida avval Chempionlar ligasi uchun kurashish imkoniyati ham bo‘lmagan. Chunki, u sovringa jiddiy daʼvo qilmagan jamoalarda o‘ynagan. Ammo, keyingi mavsum “Manchester Siti” bilan bunga urinib ko‘rishi mumkin.
Harri Keyn, “Tottenhem”
Keyn “Tottenhem” bilan sovrin yutish uchun ko‘p imkoniyatlarga ega emas edi. Lekin hali ham unda Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish imkoniyati bor. Futbolchi 2019 yilda g‘oliblikni qo‘lga kiritishi mumkin edi. Biroq, “Tottenhem” o‘shanda “Liverpul”ga yutqazib qo‘ygandi.
Kilian Mbappe, “PSJ”
Futbolchi uchun Chempionlar ligasida g‘alaba qozonish hozircha orzu bo‘lib qolmoqda. 2020 yili finalda Fransiyalik futbolchi chempionlik uchun juda yaqin kelgandi. Ammo parijliklar o‘shanda "Bavariya"ga yutqazib qo‘ygandi.
Romelu Lukaku, “Inter”
Lukaku Chempionlar ligasida g‘oliblik uchun kurashgan ko‘plab klublarda o‘ynashga muvaffaq bo‘ldi. Ammo haligacha 29 yoshli futbolchi kubokni boshi uzra yuqoriga ko‘tara olmadi. Bu mavsumda futbolchi "Inter" bilan chempionlik uchun kurashadi.
Pol Pogba, “Yuventus”
Pogba ham faoliyati davomida bir nechta top-klublarda o‘ynagan, biroq u “Manchester Yunayted” bilan ham, "Yuve" bilan ham Chempionlar ligasida g‘olib chiqa olmadi.
Antuan Grizmann, “Atletiko”
Grizman jamoasi bilan Chempionlar ligasidagi finalida “Real Madrid”dan mag‘lubiyatga uchragan. “Barselona” safida ham buni amalga oshirish imkoni bo‘lmadi. Grizmann yana “Atletiko” bilan kubok uchun kurashishga harakat qiladi.
Jamshidbek Amirov







