O‘n yillikning eng katta jangiga tayyormisiz?
Usik Fyuri bilan chempionlik uchun jang qilmoqchi.

Aleksandr Usik Entoni Joshua ustidan qozongan ikkinchi g‘alabasidan so‘ng, endi ukrainalik Tayson Fyuri bilan to‘qnash kelishi mumkin.
Usik barcha og‘ir vazn toifasidagi chempionlik unvoniga ega. Biroq u “The Gypsy King”ga tegishli WBC kamarini qo‘lga kiritmagan. Og‘ir vaznda mutlaq jahon chempioni unvoni uchun kurash muxlislarni juda ham qiziqtirishi aniq.
Ukrainalik bunga qarshilik ko‘rsatgani yo‘q. U ham ko‘pdan beri Fyurini mag‘lub etmoqchi ekanligini aytib keladi. Taysonni esa jangga aql bovar qilmaydigan pul bilan rozi qilish mumkin. Rasmiy ravishda, lo‘lilar qiroli o‘z faoliyatini yakunladi. Ammo hech kim uning “ketishi”ni jiddiy qabul qilmayapti. Sababi Fyuri juda ko‘p marta faoliyatini tugatishi haqida muxlislarga maʼlum qilib keladi.
Bundan tashqari, Tayson ukrainalik bokschining Joshua ustidan qozonilgan g‘alabasiga tezda javob qaytardi. Britaniya matbuotiga ko‘ra, WBC chempioni Usik bilan 150 million yevro evaziga jang qilishga tayyorligini bildirgan. Bu esa muxlislarning tanqidiga sabab bo‘ldi.
Og‘ir vazn reytinggi yuqori va qiziqarli vazn toifasidir. Ko‘pchilik muxlislar mutlaq chempionlik unvoni uchun duel uyushtirilishini xohlashadi. Bundagi g‘alaba bokschiga juda ham obro‘ keltiradi. Fyuri talab qilayotgan summani arab shayxlari qabul qilishlari mumkin. Biroq, lo‘lilar qirolining ishtahasi tez surʼatlarda o‘sib bormoqda.
“Dunyodagi eng qiziqarli jang uchun juda ko‘p pul to‘lanishi kerak. Men chet ellik sportchi bilan to‘qnash kelayotganimni hisobga olib, mazkur bahs uchun yarim milliard to‘lashlarini xohlayman. Agar Joshua bilan urushganimda, tekinga jang qilgan bo‘lardim”, — degan Fyuri.
Bitta jang uchun 500 million?! Lo‘lilar qiroli bu yerda jang qilishni xohlamayotganini va taklif qilayotgan pulni hech kim to‘lolmasligini hisobga olib shunday yo‘l tutayotgan bo‘lishi mumkin.
Fyuri katta mablag‘ talab qilish huquqiga ega. Ammo yarim milliard summani to‘lash imkoniyati yo‘qdek tuyilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Floyd Meyvezer Menni Pakyao bilan jang uchun tarixdagi eng katta gonorar - taxminan 150-180 million dollar pul olgan. Ehtimol, Fyuri ushbu raqamlarning yangilanishini xohlayotgandir. Biroq, Fyuri homiylar bilan muzokaraga kirishgan, bu esa Usik bilan chempionlik janggi bo‘lish ehtimolini oshiradi. Agar kelishuvlar ijobiy hal etilsa, biz kelgusi yili o‘n yillikning eng katta janglaridan birini ko‘rishimiz mumkin.







