Bitmay to‘kilayotgan binolar
Bugun O‘zbekistonda uy-joy qurilishi shiddatli tus olgan. Hatto uch-to‘rt oy ichida butun boshli “dom” qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Lekin, ming afsuski, hali qurilganiga ko‘p bo‘lmagan ba’zi uylarning “umri qisqa bo‘lyapti”.

Eslayman, o‘shanda hali maktabga chiqmagan qizcha edim: bir kuni bobom rahmatli dadamni yonlariga chaqirib, bizga yangi uy qurib, ro‘zg‘orimizni alohida qilish kerakligi aytdi. Shu kundan yangi hovli qurishga kirishdik. Bobom ustalarga: shoshmay, puxta ish qilinglar. Chunki uyning poydevori mustahkam bo‘lsa, u uzoq yillar sohibiga “oxori to‘kilmasdan” xizmat qiladi, der edi. O‘sha paytda bola bo‘lganim uchun buning mohiyatini anglamagandim. Bugun ulg‘ayib, buning mazmunini tushunib yetgandekman.
Muammo bitta — nazorat kuchli emas
Bugun mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar bilan bir qatorda, bino va inshootlarning qurilishi ham shiddatli tus olmoqda. Hatto uch-to‘rt oy ichida butun boshli “dom” qurilib, foydalanishga topshirilgan paytlar ham bo‘lyapti. Bu, albatta, yaxshi. Ammo mutaxassislarning ta’kidlashicha, qo‘yilgan poydevor kamida bir yil qolib, cho‘kishi kerak. Poydevor yerga mustahkam bo‘lib joylashguncha shoshib uni ko‘taradigan bo‘lsa, bino qulab tushishi tayin. Shu sababli quruvchi-muhandislar, loyihachilar va ishchilar – hamma o‘z ishini belgilangan muddatda qilsa, bunday holatlarga duch kelmaymiz. Gʻisht bilan devor uriladigan bo‘lsa, ustunga bog‘lovchi bilan kirishishi kerak.
Buxoroda qurilishi tugallanmagan bino qulab tushdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroda qurilishi tugallanmagan binoning qulab tushgani keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, 31 oktyabr kuni soat 16:03 larda Buxoro shahar “Do‘stlik” MFY T.Farog‘iy ko‘chasida joylashgan qurilishi tugallanmagan “Kogon Quruvchi montaj” MCHJga qarashli 3 qavatli binoning tom qismida qurilish materiallarining vazndan ortiq yuklanishi natijasida binoning yuk konstruksiyalari (regil plitalari) qulagan.
Mazkur qurilishi tugallanmagan binoda quruvchi bo‘lib ishlayotgan Jondor tumani “Xo‘jaxayron” MFY Xo‘jaxayron qishlog‘ida yashovchi 1973 yilda tug‘ilgan R.K. bino qulashi oqibatida tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qurilish vazirligi rasmiy izoh berdi. Vazirlikka ko‘ra, 2021 yil 25 sentyabrda Buxoro shahar Qurilish bo‘limi tomonidan Buxoro shahrining T.Farog‘iy ko‘chasi joylashgan “Kogon quruvchi montajchi” MCHJga kinoteatr binosi hududining bo‘sh yer maydonida birinchi qavatida savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish, umumiy ovqatlanish hamda yuqori qavatlarida mehmonxona qurilishi uchun ruxsatnoma berilgan.
Mazkur ruxsatnoma talablari asosida qurilishi rejalashtirilgan binoning shahar me’mori tomonidan qizil chiziq chegara nuqtalari belgilanib, Buxoro viloyati Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan 2022 yil 11 fevralda Arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i ishlab chiqilgan. Binoning loyiha-smeta hujjatlari “Buxara Perfect Projekt” MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan hamda binoning bosh reja, fasad ko‘rinishlari Qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan.
Shundan so‘ng ushbu obektning shaharsozlik me’yoriy hujjatlari uchun yig‘ma ekspertiza xulosasi “Baxtiyor ekspert stroy plyus” MCHJ tomonidan tayyorlab berilgan.
2022 yil 17 fevralda “Kogon quruvchi montajchi” MCHJ tomonidan qilingan murojaatga asosan ushbu ob’yekt Buxoro viloyati Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tgan.
Uning qurilish jarayonlari hududiy inspeksiya tomonidan doimiy nazorat qilingan bo‘lib, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali buyurtmachi, loyihachi tashkilotlariga inspeksiyaning elektron (yozma) ko‘rsatmalari taqdim etilgan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, yetarlicha mustahkamlikka ega bo‘lmagan to‘sin (rigelga) ortiqcha yuklanishni berish evaziga rama konstruksiyasining rigel qismida buzilish (avariya) yuzaga kelgan. Qurilish jarayonida ishlab chiqarish texnologiyasiga, xavfsizlik talablariga rioya qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda qal’a devorining bir qismi va maktab sinfxonasining shifti, shuningdek, Toshkent viloyatida ham foydalanishga topshirilganiga bir yil bo‘lgan bog‘cha qulab tushgandi.
Ammo oradan biroz vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, yana shu kabi holatlar takrorlanmoqda. Achchiq bo‘lsa ham aytamiz: biz kimnidir qurbon bo‘lishini kutyapmizmi?
Bahriniso Madumarova








