Qora dengizda kemada yong‘in chiqdi: ikki kishi halok bo‘ldi
Ruminiya ommaviy axborot vositalari don ortilgan Turkiya kemasiga dron zarbasi berilganini bildirmoqda.

Qora dengizda, Ruminiyaning hududiy suvlaridan tashqarida Royad Mammadov kemasida yong‘in chiqdi. Hodisa oqibatida ikki kishi halok bo‘lgan, ekipajning 11 nafar a’zosi qutqarilgan. Bu haqda Ruminiya rasmiylariga tayanib Reuters xabar berdi.
Ruminiya Ichki ishlar vazirligi qutqarilgan 11 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan kemani cho‘kayotgan kema sifatida ta’riflagan. Mamlakat Dengiz ma’muriyati esa hodisa aynan Royad Mammadov kemasidagi yong‘in bilan bog‘liqligini bildirgan.
Rasmiylar yong‘in kelib chiqish sababini ma’lum qilmagan. Ruminiya Dengiz ma’muriyati vakili ham hodisa bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot bera olmasligini aytgan.
Ruminiya OAVlari kemaning Turkiyaga tegishli bo‘lgani va don ortilganini xabar qilgan. Ularning ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Ruminiyaning OMV Petrom kompaniyasi boshqaruvidagi neft platformasi yaqinida yuz bergan.
VesselFinder.com ma’lumotiga ko‘ra, Sent-Kits va Nevis bayrog‘i ostida suzgan kema Italiyaning Ravenna portiga yo‘l olgan. Kema so‘nggi bor Ukrainaning Izmail portida bo‘lgan.
Hozircha yong‘inga nima sabab bo‘lgani, jumladan, kemaga dron zarbasi berilgani haqidagi xabarlar rasmiylar tomonidan tasdiqlanmagan.
Ruminiya Ukraina bilan 614 kilometr uzunlikdagi quruqlik chegarasiga ega. Rossiya-Ukraina urushi boshlanganidan buyon mamlakat havo hududiga Rossiya dronlarining kirib kelishi, shuningdek, Qora dengizdagi muhim savdo va energetika yo‘llari bo‘ylab minalarning suzib yurishi kabi hodisalar kuzatilgan.








