75 mln so‘mlik jinoyat ishi: «Sirojiddin media» rahbari qamaldi
U firibgarlik va tovlamachilik moddalari bo‘yicha aybdor deb topilgan.

Bugun, 5-oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzacho‘l tuman sudida bloger Sirojiddin Odilovga oid jinoyat ishini ko‘rib chiqish yakunlanib, sud hukmi eʼlon qilindi. Bu haqda Jizzax viloyati sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Sud hukmiga ko‘ra, fuqaro Odilov Sirojiddin Sayfiddinovich 1 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksi 165-moddasi 1-qismi va 2 nafar fuqaroga nisbatan 168-moddasi 3-qismi «b,v» bandlari bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sud muhokamasi davomida S.Odilovning D.Shamsiyevning 12 mln so‘m pulini tovlamachilik, G.Jumaniyozovaning 30 mln so‘m, R. Xudoynazarovaning 33 mln so‘m pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi to‘liq isbotlangan va S.Odilov tomonidan jami 75 mln so‘m yetkazilgan zarar qoplangan.
«Mazkur jinoyat ishi yurituvi davomida S.Odilovning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati yuzasidan biron-bir ayblov qo‘yilmagan. S.Odilovning harakatlari yuzasidan ayblov u tomonidan boshqa fuqarolarning mulki firibgarlik va tovlamachilik yo‘li bilan qo‘lga kiritilganligi bilan bog‘liq», deyiladi xabarda.








