5 yoshli qizning zo‘rlanishi: gumon qilingan bog‘cha xodimlari ishdan bo‘shatildi
Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzildi.

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida yuz bergan noxush holatni atroflicha o‘rganish maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Ishchi guruh tuzildi.
Ishchi guruh tomonidan voqea holatlari, shuningdek, mas’ul xodimlarning xizmat vazifalariga loyiqligi o‘rganilmoqda.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, voqeaga aloqador hamda xizmat vazifalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan xodim va mansabdor shaxslarga nisbatan vakolat doirasida tegishli choralar ko‘riladi. Aybdorlar qonunchilikda belgilangan tartibda jazolanishi ta’minlanadi.
Shuningdek, ta’lim tashkilotining voqeaga daxldor deb gumon qilingan xodimlari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilingan.
Bunday holatlarning boshqa maktabgacha ta’lim tashkilotlarida takrorlanishining oldini olish maqsadida vazirlikning maxsus Ishchi guruhi tomonidan mamlakatdagi davlat bog‘chalari xodimlari ham tekshiruvdan o‘tkazilmoqda.
Vazirlik holat yuzasidan barcha zarur choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o'tamiz, avvalroq Namanganda bog‘cha ombor mudiri tarbiyalanuvchi 5 yoshli qizni zo‘rlagani xabar qilingan edi.








