O'zbekiston

2027-yildan davlat xizmatchilariga ish haqi to‘lash tartibi o‘zgaradi

Davlat xizmatchilarining lavozim maoshi 11 ta razryad asosida belgilanadi.

2027-yildan davlat xizmatchilariga ish haqi to‘lash tartibi o‘zgaradi


 
O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lash tizimi o‘zgartiriladi. Prezidentning 2026-yil 2-sentabrdagi PF-181-son farmoniga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarida boshqaruv xodimlariga mehnatiga haq to‘lashning yangi tizimi joriy etiladi.


 
Yangi tartibga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchilarining asosiy lavozim maoshi yagona tamoyil asosida mehnatga haq to‘lash tarif setkasi hamda lavozimning ish haqi fondidagi ulushiga ko‘ra belgilanadi. Boshqaruv xodimlari uchun esa eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilgani uchun har oylik ustamalar joriy qilinadi.


 
KPI bo‘yicha xodimning faoliyati A, B, C va D reytinglari asosida baholanadi. 100 balldan yuqori natija ko‘rsatgan xodimga lavozim maoshining 25 foizi, 85–100 ball olganga 20 foizi, 70–85 ball olganga 15 foizi miqdorida har oylik ustama beriladi. 70 balldan past natija qayd etilganida esa KPI uchun ustama to‘lanmaydi.


 
Shuningdek, bonus to‘lovlari uchun ham mablag‘lar nazarda tutilgan. Bir yil davomida bonus to‘lash uchun xarajatlar smetasida bir oylik lavozim maoshi miqdorida mablag‘ rejalashtiriladi. Bonus to‘lovlari xizmat vazifalarini tashabbuskorlik bilan bajargan, alohida muhim topshiriqlarni ado etgan yoki murakkab vazifalarni amalga oshirishda yuqori natija ko‘rsatgan xodimlarga berilishi mumkin.


 
Farmonda davlat fuqarolik xizmatchilariga dam olish va bayram kunlari, tungi vaqtda ishlaganlik uchun kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish, shuningdek, xodimlarni bayramlar va hisobot davri yakunida mukofotlash imkoniyati ham belgilangan.


 
Yangi tarif tizimida lavozimlar 11 ta razryad bo‘yicha guruhlangan. Masalan, vazir lavozimi 11-razryad, vazirning birinchi o‘rinbosari 10-razryad, vazir o‘rinbosari 9-razrya. Tuman va shahar hokimi uchun ham 11-razryad nazarda tutilgan.


 
Farmonga ko‘ra, yangi tizim davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq to‘lashni yagona va shaffof tamoyillar asosida tashkil etish, xodimlarning samaradorligini oshirish hamda yuqori natija ko‘rsatgan mutaxassislarni moddiy rag‘batlantirishga qaratilgan.
 

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"