O‘zbekistonda Xitoy universiteti filiali ochiladi
Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.

Prezident Xitoy Xalq Respublikasining Lyaonin pedagogika universiteti filialini Xorazm viloyatida tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Unga ko‘ra, filial akademik jihatdan mustaqil oliy taʼlim tashkiloti sifatida faoliyat yuritadi. Taʼlim jarayoni Xitoy universitetining o‘quv rejalari va taʼlim standartlari asosida, O‘zbekistonning davlat standartlari hamda malaka talablarini inobatga olgan holda tashkil etiladi.
Taʼlim o‘zbek, xitoy yoki ingliz tillarida kunduzgi va muqobil shakllarda olib boriladi.
2030/2031 o‘quv yiliga qadar qabul qilingan talabalar o‘qishning butun davri davomida to‘liq davlat granti asosida tahsil oladi. 2030/2031 o‘quv yilidan boshlab esa har yili qabul qilinadigan talabalar o‘rinlarining 30 foizi grant asosida bo‘ladi.
Bitiruvchilarga filial hamda Lyaonin pedagogika universiteti diplomi beriladi. Ushbu diplom oliy maʼlumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadi. Talabalar amaliyoti hududdagi ishlab chiqarish korxonalari va xizmat ko‘rsatish sohasi tashkilotlarida, jumladan, dual taʼlim asosida tashkil etiladi.
Filialga akademik hamkor sifatida O‘zbekistondagi oliy taʼlim muassasalari biriktiriladi. Hamkorlik xalqaro xitoy tilini o‘qitish, turizmni boshqarish, xalqaro biznes va sunʼiy intellekt yo‘nalishlarida amalga oshiriladi.
Hamkorlar filialni o‘qituvchilar va o‘quv adabiyotlari bilan taʼminlashga, shuningdek, qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirishga yordam beradi. 2027/2028 o‘quv yilidan talabalar va pedagoglarning o‘zaro akademik mobilligi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Bundan tashqari, filialga turizm va axborot texnologiyalari sohalari uchun kadrlar tayyorlaydigan texnikumlar ham biriktiriladi. Ularda Xitoy tajribasi asosida takomillashtirilgan taʼlim dasturlari va o‘qitish metodikalari joriy etiladi. Bitiruvchilarga o‘zlashtirgan dasturiga mos bakalavriat yo‘nalishining tegishli bosqichidan o‘qishni to‘lov-kontrakt asosida davom ettirish imkoniyati beriladi.








