Jinoyat sodir etganda voyaga yetmaganlarning so‘roq qilinish tartibi qanday?
Mutaxassis maʼlumotlarni ochiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksiga asosan voyaga yetmaganning jinoyatlari haqidagi ishni yuritishda qonuniy vakilning qatnashishi shart. Qonunchilikka ko‘ra, qonuniy vakil deganda, shaxsning ota-onalari, ularni farzandlikka olganlar, vasiylar yoki homiylar tushuniladi.
Qonuniy vakilning ishda ishtirok etishiga surishtiruvchi yoki tergovchining qarori bo‘yicha voyaga yetmagan shaxsni gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida birinchi so‘roq qilish paytidan boshlab yo‘l qo‘yiladi.
Voyaga yetmagan shaxsni gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tariqasida birinchi so‘roq qilishdan boshlab, surishtiruvchi yoki tergovchi ishda himoyachining ishtirok etishini taʼminlash choralarini ko‘radi. Shu maqsadda voyaga yetmagan shaxsga va uning qonuniy vakiliga o‘zlari xohlagan himoyachini taklif etish huquqiga ega ekanligi tushuntiriladi. Agar himoyachi voyaga yetmagan shaxsning, uning qonuniy vakilining yoxud boshqa shaxslarning topshirig‘i yoki roziligi bilan chaqirilmagan bo‘lsa, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ishda himoyachining ishtirok etishini o‘z tashabbusi bilan taʼminlashga majbur.
Voyaga yetmagan shaxsga ayblov eʼlon qilish vaqtida himoyachi bilan bir qatorda voyaga yetmagan shaxsning qonuniy vakili ham ishtirok etadi.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini va ayblanuvchini so‘roq qilish himoyachi, qonuniy vakil ishtirokida amalga oshiriladi.
Himoyachi va qonuniy vakil gumon qilinuvchiga va ayblanuvchiga savollar berishga haqli. So‘roq yakunlangach, himoyachi va qonuniy vakil bayonnoma bilan tanishishga va u haqda o‘z mulohazalarini bildirish huquqiga ega.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini, ayblanuvchini so‘roq qilishning umumiy davomiyligi kun davomida dam olish va ovqatlanish uchun bir soatlik tanaffusni hisobga olmaganda olti soatdan oshmasligi kerak.
Voyaga yetmagan gumon qilinuvchini yoki ayblanuvchini so‘roq qilishda surishtiruvchining, tergovchining yoki prokurorning ixtiyoriga ko‘ra yoxud voyaga yetmagan gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi himoyachisining, qonuniy vakilining iltimosiga binoan pedagog va (yoki) psixolog ishtirok etishi mumkin. Pedagogning va (yoki) psixologning ishtirokini taʼminlash jinoyat ishini yuritayotgan surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning zimmasiga yuklatiladi.
Voyaga yetmagan ayblanuvchiga nisbatan ehtiyot choralari qo‘llanilgani to‘g‘risida uning qonuniy vakiliga, agar bunday vakil bo‘lmasa, boshqa qarindoshlariga xabar qilinadi.
Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish yoki uy qamog‘i voyaga yetmagan shaxsga nisbatan faqat ushbu Kodeksning 236-moddasida nazarda tutilgan asoslar bo‘lganda va unga besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tayinlanishi mumkin bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etganlikda ayb eʼlon qilingan hamda ayblanuvchining munosib xulq-atvorda bo‘lishini boshqa ehtiyot choralari taʼminlay olmaydigan taqdirda qo‘llanilishi mumkin.
Maʼlumot uchun:
Jinoyat protsessual kodeksining 236-moddasiga asosan Ehtiyot chorasi ayblanuvchi, sudlanuvchi surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan bo‘yin tovlashining oldini olish;
uning bundan buyongi jinoiy faoliyatining oldini olish;
uning ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga xalal beradigan urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik;
hukmning ijro etilishini taʼminlash maqsadida qo‘llaniladi.
Ayblanuvchi, sudlanuvchi sodir etgan, Jinoyat kodeksi 15-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlarida nazarda tutilgan jinoyatning xavfliligi tufayli u surishtiruvdan, dastlabki tergovdan va suddan yashirinishi mumkin degan o‘rinli taxmin ham qamoqda saqlash tarzidagi ehtiyot chorasini tanlash uchun asos bo‘lishi mumkin.
Ekspertiza o‘tkazish uchun tibbiy muassasaga joylashtirilishini kutayotgan shaxslarga, shuningdek aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan yoki jinoyat sodir etganidan keyin ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxslarga nisbatan ehtiyot choralari ularning qochib ketishining va boshqa ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etishining oldini olish, shuningdek tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash haqidagi sud ajrimining ijrosini taʼminlash maqsadida qo‘llanilishi mumkin.
Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olish qo‘llanilgan voyaga yetmagan shaxslar katta yoshdagilardan, shuningdek voyaga yetmagan mahkumlardan alohida saqlanishi lozim.







