Jamiyat

Belgiyada og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

U Niderlandiyada qurilishda ishlayotganda o‘tkir tish infeksiyasi bilan kasallangan. Bryussel orqali O‘zbekistonga kelayotganda ahvoli yomonlashgan.

Belgiyada og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

Belgiyada og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan O‘zbekiston fuqarosining hayoti shifokorlar va o‘zbek diplomatlarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari tufayli saqlab qolindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati Urgut tumanida tug‘ilgan fuqaro V.A. Niderlandiyada qurilish sohasida ishlayotgan vaqtida o‘tkir tish infeksiyasi tufayli sog‘lig‘ida jiddiy asoratlar yuzaga kelgan. U malakali tibbiy yordamga o‘z vaqtida murojaat qilmagani sabab organizmida og‘ir yallig‘lanish jarayoni rivojlangan.

 

Bryussel orqali O‘zbekistonga qaytayotgan vaqtda fuqaroning ahvoli keskin yomonlashgan va u zudlik bilan Bryusseldagi Sent-Lyuk universitet klinikasiga yotqizilgan. Shifokorlar uning ahvolini kritik deb baholagan.

 

Klinika mutaxassislari bemorda ikkita murakkab jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Shuningdek, u uzoq vaqt sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan holda jonlantirish bo‘limida hushsiz ahvolda qolgan.

 

Xabarga ko‘ra, bemor shifoxonaga yotqizilgan ilk kundan boshlab O‘zbekiston elchixonasi xodimlari kasalxona ma’muriyati, shifokorlar va fuqaroning yaqinlari bilan doimiy aloqada bo‘lgan. Elchixona tomonidan zarur konsullik va tashkiliy yordam ko‘rsatilib, fuqaroning davolanishi hamda keyinchalik vatanga qaytishi nazorat qilib borilgan.

 

Belgiya shifokorlarining tezkor va professional yordami, shuningdek o‘zbek diplomatlarining ko‘magi tufayli fuqaroning hayoti saqlab qolingan. Uzoq davom etgan davolanish va reabilitatsiyadan so‘ng uning ahvoli barqarorlashgan va O‘zbekistonga qaytishi tashkil etilgan.

 

Hozirda V.A. O‘zbekistonda bo‘lib, oilasi davrasida davolanishni davom ettirmoqda.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"