Sport

Mundiallar uchun eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatlar

Bu xarajatlar o‘zini qanchalik oqlagan?

Mundiallar uchun eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatlar

 

Shu kunlarda Qatarda bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda. Kecha musobaqaning chorak finali doirasida dastlabki uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Unda Xorvatiya kutilmaganda Braziliyani penaltilar ceriyasida mag‘lubiyatga uchratgan bo‘lsa, Argentina Niderlandiya ustidan zafar quchdi. Bugun esa chorak finalning navbatdagi bahslari bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yinlarda Portugaliya Marokash bilan kuch sinashsa, Angliya va Fransiya yarim finalning navbatdagi chiptasi uchun kurash olib boradi.

 

Qatar mezbonlik qilayotgan bu safargi mundial jahon chempionatlari tarixida eng qimmat turnirga aylandi. Qatarliklar musobaqa uchun 220 milliard dollar sarflagani juda ko‘pchilikning hayratiga sazovor bo‘ldi. Bungacha musobaqalar tarixida mezbonlar bu darajada yuqori miqdordagi mablag‘ sarflashmagan. Yigirma yil ichida o‘tkazilgan mundiallar uchun ishlatilgan mablag‘larni umumlashtirgan taqdirda ham Qatarning rekordiga yaqinlashishni iloji yo‘q. Mana shu vaqt ichida yettida davlat jahon chempionatiga mezbonlik qilgan. Ular orasida Braziliya musobaqa uchun 15 milliard pul sarflagan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinni Rossiya 11,5 milliard bilan egallagan. Eng kam miqdor AQSHga tegishli. Amerikaliklar 1994 yilgi jahon chempionati uchun 500 million dollar ishlatgan.

 

Qatar mundialdan qancha foyda ko‘radi?

 

Shu bilan birga, bu yilgi jahon chempionatidan kutilayotgan iqtisodiy samara yaqin istiqbolda taxminan 20 milliard dollarni tashkil etishi maʼlum qilindi.

 

Shunisi eʼtiborga loyiqki, Qatar turli manbalariga ko‘ra, zamonaviy arenalarni qurish uchun 6,5dan 10 milliard dollargacha sarflagan. Mablag‘larning qolganlari esa mamlakat infratuzilmasi, mehmonxonalar, zamonaviy yer osti transportlari, aeroportlar va innovatsion markazlarni qurish uchun ishlatilgan. Bu yilgi mundialdan Qatar taxminan 9 milliardga yaqin daromad olishi maʼlum qilingan. FIFA mezbonlarga mukofot pullari va boshqa xarajatlar uchun 1,7 milliard dollar ajratgan. Federatsiyaning o‘zi chempionatning televideniya huquqlarini sotish va homiylik bitimlaridan 7,5 milliard dollar daromad oladi. Bu haqda FIFA prezidenti Janni Infantinoning shaxsan o‘zi ochiq maʼlumotlarni keltirgan. Bu 2018 yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatidagidan 1,1 milliard dollarga ko‘p. Shuningdek, jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi raisi Nosir Al-Xaterning aytishicha, Qatar turnirga tayyorgarlik ko‘rish uchun kiritilgan sarmoyadan ikki barobar ko‘p daromad olishni kutmoqda: “Bunday keng miqyosdagi turnir o‘tkazilsa, odatda turistlarning mamlakatga tashrifi oshadi. Misol uchun, bu holat Braziliya va Rossiyada o‘tgan mundiallarda ham sodir bo‘lgan. Turnirdan kutilayotgan daromad 17 milliard dollarni tashkil qiladi. Shu bilan birga, musobaqa davomida xarajatlarning umumiy miqdori 8 milliard dollarga teng bo‘ladi”, — dedi Al-Xater.

 

Maʼlumotlarga ko‘ra, jahon chempionatida eng ko‘p xarajat ishtirokchi davlatlarga sarflanadi. Yaʼni bu miqdor umumiy 440 million dollarni tashkil etadi. Jahon chempioni 42 million dollar pul mukofotiga sazovor bo‘lsa, turnirning har bir qatnashchisi 9 million dollar bilan taqdirlanadi.  Turnir uchun rekord summa ishlatgan Qatar yaqin yillarda katta foyda ko‘rishi aytilmoqda. Biroq, Dohadagi ikkita stadionni bog‘laydigan metro liniyasi turnir davomida transport muammosini hal qiladi, ammo undan keyin esa umuman kerak bo‘lmasligi mumkin. 2022 yilda Qatar yalpi ichki mahsuloti taxminan 180 milliard dollarni tashkil etdi. Mamlakat 2010 yildan beri jahon chempionatiga yiliga o‘rtacha 18,3 milliard dollar sarflagan. Bu yalpi ichki mahsulotining 10 foizdan ortig‘ini tashkil qiladi. Biroq, qatarliklar ushbu turnir mamlakat iqtisodiyotiga ijobiy taʼsir ko‘rsatishiga ishonmoqda.

 

Jahon chempionati — 2018: G‘olib qancha pul mukofotiga ega bo‘lgan?

 

Rossiya 2018 yilgi jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun 683 milliard rubl sarflagan. Ulardan 265 milliard rubl sport inshootlarini qurish va taʼmirlashga ketgan, yana 228 milliard rubl esa transport infratuzilmasi uchun ishlatilgan. Shu bilan birga, musobaqa davomidagi umumiy xarajatlar 19 milliard rublni tashkil etgan. Bu esa avvaldan rejalashtirilgan xarajatlardan oshib ketadi. FIFA mazkur mundialdan 6,1 milliard dollar foyda ko‘radi. Bu 2014 yilda Braziliyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida tushgan daromaddan bir muncha yuqori edi. O‘sha yili jahon chempioni bo‘lgan Fransiya 38 million dollar miqdoridagi pul mukofotiga ega bo‘lgan. Rossiyada o‘tgan musobaqada juda ko‘pchilik ko‘p pul sarflanayotganidan norozi bo‘lgan, biroq Qatarda qayd etilgan rekord bu noroziliklarning bir muncha ahamiyatini tushirdi. Bundan tashqari Rossiya ana shu turnir sabab infratuzilmasini yana-da yaxshilab olishga muvaffaq bo‘ldi. Yaʼni musobaqa uchun qurilgan inshootlar keyinchalik ham mahalliy aholining doimiy xizmatida bo‘lib turibdi.

 

Zararga ishlagan Braziliya

 

Rossiyada bo‘lgani kabi Braziliyada ham aholi bizga chempionat kerak emas degan namoyishlar bilan chiqqandi. Buning uchun ular tibbiyot markazlari ko‘paytirilishini va taʼlimga ko‘proq eʼtibor qaratish kerakligini taʼkidlashgan. Sababi, amerikaliklar o‘sha davr uchun jahon chempionatlari tarixida eng ko‘p, 11,5 milliard dollar pul sarflagan. Braziliyaliklarning jahon chempionati o‘tkazilishiga qarshi chiqishlarini tasavvur qilib bo‘lmasdi. Mamlakat ko‘p marotaba jahon chempionligini qo‘lga kiritgan, shuning uchun braziliyaliklar “futbol mamlakati”da yashashlarini va jahon chempionatiga ishtiyoqi chuqur ekanini aytishadi. Biroq, musobaqa oldidan o‘tkazilgan so‘rovnomada 48 foiz aholi jahon chempionatini o‘tkazishga qarshi bo‘lmagan. Qolgan yarmi esa musobaqa o‘tkazilishini xohlamagan.

Shuncha pul sarflangan bo‘lishiga qaramay, bir qator infratuzilma loyihalari tugallanmagan. Braziliya stadionlarni qurish va rekonstruksiya qilish uchun byudjet mablag‘laridan 3,6 milliard dollar ishlatgan. Oldingi ikki chempionat mezboni bo‘lgan Germaniya va Janubiy Afrika stadionlarga birgalikda mana shuncha mablag‘ sarflagan. Bir qator nashrlar Braziliya ushbu jahon chempionati uchun sarflagan xarajatlaridan hisobiga yetarli darajada foyda ko‘rmaganini yozadi. FIFA 2014 yilgi jahon chempionati uchun qariyb 476 million dollar ajratgan. Bu 2010 yil Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan futbol bo‘yicha jahon chempionati uchun ajratilgan mablag‘dan 156 million dollarga ko‘p edi. Shu bilan birga, sovrin jamg‘armasiga 358 million dollar ajratilgan. Yana 48 million dollar har bir ishtirok etgan terma jamoalarga berilgan.

 

Kelajak bugundan boshlanadi

 

Futbol bo‘yicha Janubiy Afrika milliy terma jamoasi o‘z tarixida uchinchi bor 2010 yilgi jahon chempionatida ishtirok etadi. Yakunda Janubiy Afrika terma jamoasi o‘z guruhida uchinchi o‘rinni egalladi va shu tariqa o‘z maydonidagi jahon chempionatida guruhdan chiqa olmagan birinchi jamoaga aylandi. Mamlakat mundialga mezbonlik qilish uchun taxminan 3,5 million yevro sarflagan. Janubiy Afrika hukumati qurilish va modernizatsiya uchun 1,2 milliard yevro ishlatgan bo‘lsa, har bir stadionning qurilishiga esa o‘rtacha 120 million yevrodan ortiq mablag‘ yo‘naltirgan. Ushbu mundialda FIFA katta daromadga ega bo‘lgan. Tashkilot musobaqadan 3,2 milliard dollar foyda ko‘radi. Bu turli xil tijoriy hamkorliklar va translyatsiya evaziga qo‘lga kiritilgan. Tashkilotchilar mundial oldidan amalga oshirilgan bu islohotlar ularga juda katta foyda keltirishi bilan bir qatorda mamlakatning xalqaro darajadagi obro‘sini oshirishga yordam berishiga ishonishgan. Hamda yakunda ham shunday bo‘lib chiqadi. Mundial tugaganidan so‘ng Janubiy Afrikaning xalqaro nufuzi yana-da oshadi. Sarflangan mablag‘lar ham kelajakda o‘zini oqlashiga tashkilotchilar umid bildirishgan.

 

Chempionlik uchun atigi 2,2 milion dollar

 

Har to‘rt yil bir o‘tkaziladigan jahon chempionatida g‘alaba uchun gonorarni oshirish tendensiyasi davom etmoqda. So‘nggi 40 yil ichida g‘olib jamoa uchun pul mukofoti miqdori sezilarli darajada oshdi. Masalan, 2006 yilda jahon chempionatida g‘olib chiqqan Italiya terma jamoasi 20 million dollar olgan bo‘lsa, 2002 yilda Braziliya bu mablag‘ning yarmidan kamini ishlab topgan. 1982 yilgi mundial g‘olibi bo‘lgan italiyaliklar atigi 2,2 million dollar mukofot puliga ega bo‘lishgan. Qatarda bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionati uchun umumiy budjet 440 million dollarni tashkil qiladi. Bu esa yildan-yilga ushbu musobaqa tashkilotchilari orasida ham raqobat oshib borayotganini ko‘rsatadi. 2022 yilda o‘ziga xos katta rekord o‘rnatgan Qatarning bu natijasini yaqin yillarda qaysi davlat takrorlar ekan? Buni esa vaqt ko‘rsatadi.

 

Mundiallar uchun eng ko‘p mablag‘ sarflagan davlatlar | Zamon.uz