Qiyinchilikda o‘tgan bolalik, dastlabki biznes va 10 million yevrolik villa
Novak Jokovich qanday qilib dunyoning eng boy tennischiga aylandi?

4 yoshda boshlangan mashg‘ulot
Novak Jokovich 1987-yil 22-mayda Serbiyaning Belgrad shahrida tug‘ilgan. Novak tennis bilan 4 yoshida shug‘ullana boshlagan. Jelena Genchich Jokovichning iqtidorini tan oladi va unga 6 yildan ortiq murabbiylik qiladi. 11 yoshida Jelene bo‘lajak tennischini Germaniyaga Nikola Pilich bilan mashq qilish uchun yuboradi. 2003-yilda Jokovich professional sportchiga aylanadi.
Karyera va yutuqlar
Tennischiga “Grand Slam” turnirida debyut qilish uchun ikki yil kerak bo‘ldi. 2005-yilda u “Australian Open” turniriga yo‘llanma oladi va 2006-yilda u o‘zining birinchi ATP chempionligini qo‘lga kiritadi. O‘shanda Novak “Dutch Open” chempioniga aylanadi. U “Katta dubulg‘a” turnirlarida birinchi bor 2008-yilda Avstraliya Ochiq chempionati chempioni bo‘ladi. “Australian Open” uning eng sevimli “Katta dubulg‘a” turniri hisoblanadi. 2015-yil Novak Jokovich faoliyatidagi eng yaxshi yil sanaladi. O‘sha yilda u uchta “Katta dubulg‘a”, “ATP World Tour” finali va boshqa ko‘plab ATP turnirlarida g‘olib chiqadi. Tennischi 2016-yilga kelib barcha 4 ta “Katta dubulg‘a” turnirlarida g‘alaba qozonishga muvaffaq bo‘ldi. 2016-yilgi Fransiya Ochiq chempionati finali yo‘lida u ispaniyalik Rafel Nadalni mag‘lub etdi. Finalda esa Endi Marreydan ustun keldi.
Novak Jokovich ko‘p yilllardan beri dunyo tennisida birinchilikni hech kimga bermay kelmoqda. Bugunga kelib “Katta dubulg‘a” turnirlarining 20 karra g‘olibiga aylangan sportchi, ATP reytingida eng ko‘p peshqadamlik qilish bo‘yicha rekord o‘rnatgan. Biroq, uning bolaligi baxtli o‘tgan deyish qiyin.
“Nonga ham pul yetmagan”
Jokovich Serbiya poytaxtida tug‘ilgan. Uning bolalik qiyin kechadi. Bo‘lajak tennischining oilasi juda kambag‘al yashagan.
“Oilamiz uchun hayot naqadar og‘ir kechganini odamlar biladi. O‘shanda Novakning xarajatlari moliyaviy imkoniyatlarimizga javob bermasdi. Lekin, biz boshqalardan qarz olish evaziga buni imkonini qilardik. Hatto bir xil vaqtlarda non sotib olishga ham pulimiz bo‘lmasdi. Keyin ayolim zargarlik buyumlarini garovga qo‘ydi. Biz o‘n yil davomida ijaraga olingan kvartiramizda qiyinchilikda yashaganmiz”, — deb eslaydi Jokovichning otasi o‘zining intervyularidan birida.
Novakdan tashqari, oilada Jorj va Marko ismli yana ikkita o‘g‘il bor, ular ham hozirda sport sohasida ishlaydi.
“Novak meni ilhomlantiradi. U tennisda juda ko‘p yutuqlarga erishdi va hali ham oldinga qadam bosishda davom etmoqda. Va shunga qaramay, biz boshqa aka-uka va opa-singillar kabi munosabatlarimizni ijobiy saqlab qolamiz”, — dedi Novakning katta akasi Jorj.
Dastlabki bizneslar
Qashshoqlikdan va Yugoslaviya qulashidan omon qolgan oila qiyinchiliklar bilan rivojlana boshladi. 2009-yildan 2013-yilgacha uning ukasi Jorj Belgraddagi tennis turnirining moliyaviy direktori bo‘lgan. Jokovichlar oilasi sport tadbirlari va ovqatlanishga ixtisoslashgan o‘zining “Family Sport” kompaniyasiga asos soladi va ushbu turnirni o‘tkazish huquqini qo‘lga kiritadi. Shuningdek, Novak “Cafe” deb nomlanuvchi kafelar tarmog‘ini ochdi.
10 million yevrolik villa
Novakning ukasi Serbiyada tennis va biznesni rivojlantiradi, Novak esa Monakoda yashashni afzal ko‘radi. U yerda u hashamatli villada rafiqasi Elena va ikki farzandi - Stefan va Tara bilan birga yashaydi.
2020-yilda butun dunyoga koronavirus tarqalgani sababli Jokovichlar oilasi Ispaniyaga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘ldi. U yerda ularning kino, o‘yin, to‘qqizta yotoqxonasi, sakkizta hammom va tennis korti bo‘lgan 10 million yevrolik hashamatli villaga ko‘chishadi. Hamma serbiyalik sportchining Marbelaga doimiy yashash uchun kelgani haqida gapirishdi, ammo bu uning oilasi uchun bahor-yoz karantin davridagi vaqtinchalik yashash joyi ekanligi maʼlum bo‘ldi.
Dunyoning eng boy tennischisi
Dunyoning eng mashhur va eng ko‘p maosh oluvchi uch tennischisidan biri bo‘lgan Jokovich uchun bunday xaridlar katta muammo emas. U “Forbes” reytingida doimiy ravishda ishtirok etadi. Masalan, 2021-yilda u 38 million daromad bilan dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi tennischilari ro‘yxatida to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Faqatgina Rojer Federer (90,6 million), Naomi Osaka (60,1 million) va Serena Uilyams (41,8 million) undan yuqori o‘rinlarni egallagan. Ikki yil oldin esa u xuddi shu reytingda ikkinchi bo‘lgandi. Faqat Rojerdan keyingi o‘rindan joy olgan. Biroq, 2019-2020 yil yakunlariga ko‘ra, ATPda eng ko‘p mukofot puliga ega bo‘lgan tennischiga aylangandi.
Jokovichning umumiy boyligi qancha?
Novak to‘xtashni xohlamyapti. U 34 yoshida ham raqiblaridan ustun kelishda davom etmoqda. 2022-yil buyuk serbiyalik sportchi uchun tarixiy yil bo‘ldi. U tennis tarixida qo‘lga kiritgan mukofot pullari hisobi bo‘yicha mutlaq birinchi o‘rinni egalladi. Bu miqdor 154 million dollarni tashkil etdi. Shu orqali Jokovich mukofot puli sifatida 100 million dollar ishlab topgan dunyodagi birinchi tennischiga aylandi. Uning eng yaqin taʼqibchisi shveysariyalik Rojer Federer bo‘lib, u 98 million dollar olgan.
“Forbes” nashrining 2015-yildagi eng ko‘p maosh oluvchi sportchilar ro‘yxatida Jokovich 13-o‘rinni egalladi. Uning yillik daromadi 48 million dollarga baholangan, shundan 17,2 million dollari mukofot puli va 31 million dollari reklama shartnomalaridan iborat.
“Celebrity Net Worth” nashrining maʼlumotlariga ko‘ra, Novak Jokovichning boyligi 220 million dollarni tashkil qiladi. U tennis sportida mukofot pullari bo‘yicha barcha davrlarning yetakchisi hisoblanadi. Jokovich 2017-yilda 145 million dollar mukofot olgan. Bundan tashqari “XNUMX” va “Lacoste” kompaniyalari bilan shartnoma imzolagan. “ASICS” brendi ham Novakga homiylik qiladi.
Tennischiga homiylik qiluvchi boshqa ko‘plab brendlar qatoriga “Head”, “NetJets”, “Seiko Watch Corporation” va Peugeot” kiradi. Uni Serbiya telekommunikatsiya kompaniyasi “Telekom Srbija” va nemis oziq-ovqat qo‘shimchalari “FitLine” brendi ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Novak “Ultimate Software” kompaniyasining elchisi hisoblanadi.







