Stressni boshqaramiz
Ko‘plab tadqiqotlar natijasida stressni boshqarish uchun qator tavsiyalar ishlab chiqilgan.

Stress — organizm holati bo‘lib, u emotsional bosim bo‘lganida yuzaga keladi. Baʼzan u samaraliroq harakatlanishga sabab bo‘ladi va motivatsiya beradi. Ammo doim ham inson stress vaziyatlarga dosh bera olmaydi va kuchsizlanib qolishi mumkin.
Bugungi maqolada stressni boshqarish va undan o‘zimizni himoya qilish haqida gaplashamiz.
Avvalo, stress organizmning normal reaksiyasi ekanini tushunib olish kerak. Bu har qanday insonda nafaqat kuchli ruhiy, balki jismoniy zo‘riqish, yoki bo‘lmasa, “e yo‘q, be yo‘q” yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holat.
Ko‘plab tadqiqotlar natijasida stressni boshqarish uchun qator tavsiyalar ishlab chiqilgan.
Doim faol harakatlanishga va ijobiy kayfiyatni ushlab turishga harakat qiling
Jismoniy faollik umumiy salomatlikka yaxshi taʼsir qilishi bilan birga depressiv holatni yengillashtiradi, qon bosimini meʼyorga soladi va qondagi qand miqdorini normallashtiradi.
Jismoniy mashqlarni bajarish uchun zalga chiqish shart emas, liftdan foydalanishni to‘xtating, do‘konga piyoda chiqib keling, tushlik vaqtida sayr qiling (shunda ofisda ovqatlanishdek yomon odatdan ham qutulasiz).
Siz hech qanaqasiga nazorat qila olmaydigan narsalar ham borligini qabul qiling
Afsuski, stress biz hayotdagi hamma narsani nazorat qila olmasligimizni tan olmasligimizdan ham kelib chiqadi. Ayrimlar muammolar haqida tinimsiz o‘ylab, qattiqqo‘l nazoratchi roliga kirib oladi. Bunday odamlar vaqt va kuchining katta qismini mazmunsiz vahimalarga bag‘ishlab yuboradi.
Buning oldini olish uchun reja tuzishga urinib ko‘ring:
— ayni paytda nimani o‘zgartira olasiz va nimaga taʼsir o‘tkaza olasiz?
— o‘z qo‘rquvlaringizni topib oling.
— odatiy fikr yuritishni muammoning real yechimini izlashdan farqlab oling.
O‘z vaqtingizdan samarali foydalanishni o‘rganing, uni behudaga sarflamang.
Ko‘pchiligimiz hech narsaga ulgurmayotganimiz haqida shikoyat qilamiz. Ammo vaqtni ham nazorat qilishning bir qancha yo‘llari mavjud:
— yo‘q deyishni o‘rganing. Ayrimlar yordam so‘ralganda rad qila olmagani tufayli shaxsiy vaqt tanqisligiga duch keladi.
— asosiy maqsadlaringizni belgilab oling. Agar keyinga surish mumkin bo‘lgan ishlarni bajarishga diqqat qaratsangiz, haqiqatdan ham muhim ishlarga vaqt qolmaydi.
— rejali bo‘lishga harakat qiling. Kun tartibiga kuchingiz yetadigan ishlarni kiriting.
— albatta, dam olishga vaqt ajrating. Dam olmay ishlash samaradorligingizni ancha pasaytiradi.
Xobbi yoki qiziqishlaringizga vaqt ajrating
Biz odatda xobbini “bekorchi, bo‘sh vaqti ko‘p” odamlar bilan bog‘laymiz. Ammo aslida tig‘iz jadval bo‘yicha yashaydigan insonlar xobbiga ko‘proq muhtoj bo‘ladi.
Tadqiqotlar haftasiga kamida 20 daqiqa sevimli mashg‘uloti bilan shug‘ullangan odamlar kamroq charchashini ko‘rsatadi. Xobbi istalgan ko‘rinishda (jismoniy mashqlar, yangi ko‘nikmani o‘rganish, sanʼat bilan shug‘ullanish) bo‘lishi mumkin. asosiysi, u sizga zavq va yengillik hissini berishi kerak.
Zararli odatlardan voz keching
Ayrim hollarda ruhiy zo‘riqishni yengish yoki bir muddat unutish uchun zararli odatlarga murojaat qilamiz.
Dolzarb muammolar yechimiga diqqat qaratib, vaziyatdan chiqish o‘rniga boshqa talablarimizni qondirish va diqqatimizni chalg‘itishga urinamiz. Ammo bu vaqtincha effekt beradi xolos. Hissiyotlar baribir qaytib keladi, ularga yana aybdorlik hissi ham qo‘shiladi.
Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash juda muhim, shuning uchun qadrdonlaringiz bilan doimiy aloqada bo‘ling
Stress holatida bo‘lganda ong osti bilan boshqalardan ajralish kerakligini his qilamiz va yolg‘iz qolgimiz kelaveradi. Ammo aslida bu davrda oila va do‘stlar hamrohligiga doimgidan-da ko‘proq muhtoj bo‘lamiz.
Jonli muloqot muammolardan chalg‘itadi, yaqinlar esa doim qo‘llab-quvvatlaydi. Umumiy mavzularda suhbatlashganda kamroq stressga tushamiz.
Eng muhimi, o‘zingizda qandaydir ruhiy o‘zgarish yoki zo‘riqishni sezsangiz, mutaxassisga murojaat qiling. Hech bo‘lmaganda yaqinlaringiz bilan muammo haqda suhbatlashing.








