Islom Maxachev qay tariqa dunyoning eng yaxshi jangchisiga aylandi?
U yaqinda chempionlik unvonini himoya qilgandi.

11-fevral kuni rossiyalik UFC jangchisi Islom Maxachev o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazdi. Unda sportchi chempionlik kamarini avstraliyalik Aleksandr Volkanovskiydan himoya qildi. Shu tariqa u ayni damda o‘z vazn toifasida dunyoning eng yaxshi sportchisi unvoni sohibi bo‘lib turibdi.
Sakkiz yildan beri faoliyat olib borayotgan Islom Maxachev hisobida 24 ta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat bor.
Islom Maxachevning UFCdagi yo‘li do‘sti Habib Nurmagomedovning karerasiga juda o‘xshaydi. Ko‘plab jarohatlar, vazn yo‘qotishlari va boshqa muammolar sportchini uzoq vaqtdan beri taʼqib qilgan. Ammo unga yaqin do‘stlari bu noxush vaziyatlarni yengishga yordam bergan. Ko‘pchilik Maxachevning karerasi hali oldinda ekanligini yozmoqda.
Islom Maxachev 1991-yil 27-sentyabr kuni Maxachqalʼa shahrida tug‘ilgan. Dog‘istonlik bola yurishni boshlaganidan boshlab sport zaliga boradi. Dastlab Maxachev erkin kurash, ushu-sanda va dzyudo bilan shug‘ullangan. Keyinchalik Islom jangovar samboga o‘tadi va u yerda Abdulmanap Nurmagomedov rahbarligida mashq qila boshlaydi. Maxachev jangovar sambo bo‘yicha uch karra Rossiya chempioni va jangovar sambo bo‘yicha bir marta jahon chempioni hisoblanadi.
Maktab yillari
Islom Maxachqalʼadagi 38-maktabda o‘qigan. Hozirgi kundagi yana bir mashhur sportchilardan biri Abubakar Nurmagomedov uning sinfdoshi edi. Islom sinfdoshlaridan uch yoshga katta bo‘lgan. Buning sabablari maʼlum emas. Abubakar va Maxachev maktabda deyarli barcha bilan jang qiladi. Ularning orasida ham nizolar kelib chiqadi. Islom tez-tez Habib Nurmagomedov va Shamil Zavurovlarga yordam so‘rab qo‘ng‘iroq qilgan.
Ko‘pincha Abdulmanap Nurmagomedov janglarga aralashib, Abubakarni qattiq kaltaklagan holatlar bo‘lgan. Islom ko‘proq xotirjamroq edi. Keyinchalik bu yigitlar kelajakda UFCda shov-shuv ko‘tarishlarini tasavvur ham qilishmagan. Ularning do‘stligi o‘rta maktabdan keyin ham davom etdi.
Professional kareraning boshlanishi
2010-yil 1-avgustda, Maxachev 19 yoshligida MMAda debyut jangini o‘tkazdi. “Tsumada Fighting Championship” mahalliy turniri doirasida Islom Magomed Bikbulatovni mag‘lub etadi. 2011-yilda u beshta jangda g‘alaba qozongan. 2012-yil Maxachev faoliyatidagi eng yomon yillardan biri deb atash mumkin. Bu janglarning barchasi Rossiyaning kichik reklama aksiyalari doirasida bo‘lib o‘tadi. 2013-yil apreldan 2014-yil sentyabrgacha Maxachev “M-1” shafeligida to‘rtta jang o‘tkazadi va ularning har birida ishonchli g‘alaba qozonadi.
Habibning izidan
2015-yilga kelib Habib Nurmagomedov dunyodagi eng yaxshi sportchisiga aylanib borayotgan edi. U allaqachon Rafael dos Anjosni mag‘lub etgan va jangda eng ko‘p rekord o‘rnatgandi. Katta ehtimol bilan, Nurmagomedov Maxachevni UFC bilan shartnoma imzolash tashabbuskorlaridan biri bo‘lgan. 2015-yil 23-may kuni Islom debyut jangida Leo Kunzga qarshi jangda g‘alaba qozonadi. O‘sha yilning oktyabr oyida u muvaffaqiyatini mustahkamlashga harakat qildi. Ammo Adriana Martins uni bu niyatidan to‘xtatdi. U birinchi raunddayoq Islomni nokautga uchratadi. Muvaffaqiyatsizlik sportchiga qattiq taʼsir qiladi, ammo u bundan saboq olgan. Ushbu jangdan so‘ng Maxachevga yurak muammosi tashxisi qo‘yiladi. Shifokorlar Islomga agar sportdagi faoliyatini davom ettirmoqchi bo‘lsa, kichik operatsiyadan o‘tishi kerakligini aytishadi. Operatsiyadan muvaffaqiyatli o‘tgan sportchi yana janglarga qaytadi.
Shundan so‘ng, uning UFCdagi cho‘qqisi davom etdi. 2016-yilda Maxachev Kris Veydni, 2017-yilda esa Nik Lentsni mag‘lub etdi. O‘shanda Islomning rekordi 14 g‘alaba va bir mag‘lubiyatga teng edi. 2018-yilda Maxachev Gleison Tibau va Kian Jonsondan ustunlikka erishadi. O‘zini yengil vaznda ekanlligini eʼlon qiladi. Shundan so‘ng, armanistonlik Tsarukyan va Davi Ramus ham Islomga mag‘lub bo‘ladi.
Chempionlik sari
O‘tgan yilning oktabr oyida rossiyalik jangchi “UFC 280” turnirida chempionlik jangi uchun braziliyalik Charlz Oliveyra bilan to‘qnash keldi. Bahs BAAning Abu-Dabi shahrida bo‘lib o‘tdi. Kechaning asosiy jangida Islom to‘liq ustunlikka ega bo‘ldi. Ikkinchi raundda Maxachev kuchli zarba bilan Charlzni muvozanatdan chiqarib yubordi va “qo‘ldagi uchburchak” uslubi hisobiga raqibini taslim bo‘lishga majbur qildi. Shu tariqa Maxachev yengil vazn toifasida yangi chempionga aylandi. U ayni damda keyingi raqiblari kim bo‘lishi haqida o‘ylamoqda.







