Vahimadan qutulamiz
Vahima nima va qanday paydo bo‘ladi?

Siz-u biz yashab turgan zamonaviy dunyoda vahima qilishga sabablar yetarli. Yo‘llardagi qoidani nazarga ilmaydigan haydovchilar, talabga javob bermaydigan texnika, xullas, vahimaga olib keluvchi omillar yetarli.
Ammo qo‘rquvdan farqli ravishda vahimaning aniq predmeti bo‘lmaydi. Qo‘rquv aynan biror narsa yoki hodisaga nisbatan reaksiya bo‘lsa, vahima sababsiz paydo bo‘ladigan holatdir.
Vahima oldida biz arzimagan narsalarni ham kattalashtirib, pashshadan fil yasab yuboramiz.
Olimlar vahimaga sabab bo‘luvchi omillarni 3 ta guruhga bo‘ladi:
O‘tmishdagi og‘riqli tajriba
Emotsional sovuq yoki o‘ta mehribon ota-onalar, sinfdoshlarning mazahi – bolalikdagi barcha yaralar va xafagarchiliklar katta yoshda tashqariga chiqib, vahima chaqirishi mumkin.
Hozirgi hayotiy holat
Odatiy hayotdagi har qanday o‘zgarish vahimaga sabab bo‘lishi mumkin: ish, moliyaviy muammolar, noaniqlik hissi, yolg‘izlik, yaqinlarni yo‘qotish — katta hayotda uchrashi mumkin bo‘lgan holatlar ichki bosimni yana-da oshirib yuborishi mumkin.
Jismoniy va ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar
Kasalliklar, doimiy stress, depressiya qo‘rquvlarimiz yuzaga chiqishi uchun ajoyib imkoniyat. Masalan, diabet bilan og‘rigan insonlar doimiy ravishda qondagi qand miqdorini nazorat qilishi kerak, bu ularning hislariga ham taʼsir qiladi.
Befarq qoldirish mumkin bo‘lmagan belgilar
Tashqaridan juda bosiq ko‘ringan, hayot sinovlariga osongina qarshi turayotganday ko‘ringan odam ham qo‘rquv va vahimaga tushishi mumkin. Vahimaning bir qancha turi mavjud. Ularni umumlashtirib turuvchi jihati – xavf tug‘dirmaydigan vaziyatda ham doimiy yuqori xavotirdir.
Bunday holatda organizm bizdan “Qoch! O‘zingni qutqar!” deb buyruq beradi va adrenalin va noradrenalin ishlab chiqaradi.
Vahima bosganini qanday bilish mumkin?
· Xavf yaqinlashayotdagi hissi
· Yurak urishi va nafas olish tezlashishi, terlash, mushaklardagi bosim
· Diqqatni jamlash qiyinlashishi
· Uyqu buzilishi
· Oshqozon-ichak traktidagi muammolar
· Vahima chaqiruvchi narsalardan qochish.
Harakatni boshlash uchun o‘zingizga quyidagi savollarni berib qo‘ring:
· Doim bosim ostida, asabiy va xavotirdamisiz?
· Xavotirda ekaningiz ish yoki o‘qishingizga, oilaviy holatingizga taʼsir qiladimi?
· Qo‘rquvlaringiz o‘rinsiz ekanini o‘zingiz tushunasiz-u, ammo unga qarshi kurasha olmaysizmi?
· Biror ishni bajarmasangiz yomon oqibatlarga olib kelishiga ishonasizmi? Masalan eshik qulflanganini qayta-qayta tekshirish.
· Sizni xavotirga solgani uchun odatiy harakatlardan voz kechasizmi?
· Kutilmaganda vahimaga tushasizmi?
· Xavf sizni har burchakda kutib turgandek tuyuladimi?
Agar yuqoridagi savollardan birortasiga “ha” deb javob bergan bo‘lsangiz, vahima sizga tanish holat. Agar ijobiy javoblar ko‘p bo‘lsa, nimanidir o‘zgartirish vaqti kelganini bildiradi.
Vahimani kamaytirish uchun quyidagilarni qo‘llab ko‘rish mumkin:
· Choy va qahva isteʼmolini cheklang.
Gap shundaki, kofein nerv tizimini faollashtirib, asabiy holatni kuchaytiradi.
· Telefondan uzoqroq turing.
Yangiliklar, ijtimoiy tarmoqlar, axborotning katta oqimi miyaga bosim berib, vahimani kuchaytiradi.
· Bir vaqtda uxlang va uyqudan oldin yog‘li taom yemang.
Uyqu yetishmovchiligi va zararli taomlar vahimali xayollar tug‘ilishiga sabab bo‘ladi.
· Doimiy ravishda mashq qiling
Kamharakatlik vahima va lanjlikka olib keladi. Yoga, pilates yoki shunchaki sayr ham bizni tonusda saqlaydi.








