Istanbuldagi kubok o‘z egasini kutmoqda
“Siti” yangi tarix yarata oladimi?

Ayni vaqtda "Manchester Siti" dunyoning eng kuchli jamoasi. Butun mavsum davomida bir xil tempda va yo‘qotishlarsiz kelayotgan jamoani aynan mana shunday taʼriflashimiz mumkin. Buning uchun jamoada keng ko‘lamli ishlar olib borildi. Chempionlar ligasida ham “Siti”ning qolgan jamoalardan yaqqol ajralib turganini ko‘rishimiz mumkin edi.
Klub eng kuchli ligada o‘ynaydi. UEFA koyeffitsiyentlari jadvalining eng yuqorisida turgan klub, olti yil ichida beshta chempionlik unvonini olish haqiqatdan ham hayratlanarli edi. Katta transferlarni amalga oshirgan klub bugungi kunda tartibli o‘yini bilan barchani hayratga solmoqda.
Gvardiola jamoasi joriy mavsumda ikkita transfer oynasida ham ko‘p xaridlarni amalga oshirmadi. Ular birgina Holandni olib kelishdi, lekin klub Sterling, Jesus, Zinchenkoni transferga qo‘yishdi, mavsum davomida Kanseloni ijaraga berishdi. Ushbu futbolchilarning har biri jamoaning chinakam muhim bo‘g‘ini edi. Paradoks shundaki, “Siti” barcha yo‘qotishlarga qaramay, butunlay yomon ahvolga tushib qolmadi. Aksincha, Holandning kelishi bilan jamoa yakunda yana-da mustahkam va barqaror bo‘la oldi. “Siti” har doim hujumlarda ko‘p vaziyatlarni yaratib kelgan, ammo bularni amalga oshirish doimiy muammo edi. Endi jamoaga kerak bo‘lgan narsani amalga oshiradigan hujumchi keldi. Rahbariyatning ham bundan ko‘ngli to‘ldi. Holandda so‘nggi oyda pasayish kuzatilgan bo‘lsada, ammo butun mavsum davomidagi statistika uning naqadar kuchli futbolchi ekanini ko‘rsatmoqda. Finalda u yana-da g‘azablangan holatda, golga o‘ch bo‘ladi.
Zamonaviy “Siti”ning yana bir jihati shundaki, jamoa hujumda ham, hisobni saqlab qolishda ham to‘pni nazorat qilishni o‘rgangan. Mahorat bilan ijro etilayotgan kombinatsiya yordamida klub “Bavariya” va "Real Madrid" kabi kuchli jamoalar ustidan ishonchli g‘alaba qozonish imkoniga ega bo‘ldi. Agar Chempionlar Ligasi pley-off bosqichiga nazar tashlasangiz, “Inter” bunday favorit jamoalar bilan kuch sinashmadi. Umuman olganda, “Siti” va “Inter”ni solishtirish Gvardiola va Inzagini solishtirishga o‘xshaydi. Bugun dunyo futbolini o‘zgartirgan eng yaxshi murabbiy va uch marta Italiya kubogini qo‘lga kiritgan, lekin hech qachon chempion bo‘lmagan murabbiy to‘qnashuviga guvoh bo‘lamiz
Albatta, futbolda har doim ham kuchlilar g‘alaba qozonavermaydi. “Inter” kubokni boshi uzra ko‘tarishini ham taxmin qilishimiz qiyin emas. Garchi hozirgi paytda buni tasavvur qilishning iloji bo‘lmasa ham. Mobodo “Siti”da birinchi soniyadayoq chetlatilish kuzatilsa yoki o‘z darvozasidan birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan taqdirda ham o‘yin favoriti bo‘lib qolaveradi. Chunki, Gvardiola jamoasi “Inter”dan ham kuchliroq jamoalarning “belini sindirmoqda”.
Ha, “Siti” ham qoqilib ketishi mumkin, sababi biz ikki yil avval “Chelsi”ga qarshi finalda bunga guvoh bo‘lganmiz. Jamoada yana shunday holat kuzatilishi mumkinmi? Ishonib bo‘lmaydigan haqiqat. Ayniqsa, jarohatlar bo‘lmagan va mashg‘ulotlar jadvali juda qulay bo‘lgan vaziyatda. Bundan tashqari jamoa rotatsiya qilish mumkin bo‘lgan va o‘yin ritmini saqlab qolish uchun "Manchester Yunayted" bilan shiddatli o‘yin o‘tkazdi. “Siti”ning Angliya kubogi finalidagi g‘alabasidan so‘ng futbolchilar xursandchiligining chegarasi yo‘q edi. Ular o‘sha kuni "yana bitta" deb baqirishgani Chempionlar ligasi kubogiga ishora edi. Busiz “Siti” uchun ajoyib mavsum yakunlanmaydi. Bu o‘yinning maʼnosini jamoadagilarning barchasi his qilib turibdi.







