Oshib o‘tilgan 8 millionlik dovon, keskin ko‘tarilgan chiptalar narxi, qo‘sha-qo‘sha brendlar bilan hamkorlik
"Inter Mayami"ga ko‘chib o‘tgan Lionel Messining o‘yinlarini qanday tomosha qilish mumkin?

Futbol tarixida o‘z nomi bilan har qanday jarayonlarga katta taʼsir ko‘rsata oladigan shaxslar juda kam. Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoniga shu sababdan taklif qilingan: ko‘pchilik uning nomini baʼzi prezidentlardan ko‘ra kuchliroq ekanligini aytishadi. Portugaliyalik futbolchi o‘z faoliyati davomida doim omma eʼtiborida bo‘lgan, turli reklama kampaniyalarida porlagan, brendlar bilan hamkorlik qilgan va o‘zining ham mana shunday brendlarini yaratgan. Unga futbolda qarshilik ko‘rsatgan Lionel Messi haqida ham shunday fikrlarni bildirish mumkin. Argentinalik futbolchining Mayamiga o‘tishi allaqachon MLSni o‘zgartirib yubordi. Ammo u hali birorta ham o‘yin o‘tkazgani yo‘q.
Leo Devid Bekxemni 2018-yilda "Inter Mayami"ning ishga tushirilishi bilan tabriklar ekan, videomurojaatida hazillashib: "Balki bir kun kelib menga qo‘ng‘iroq qilarsiz", degandi. Shundan keyin klub xo‘jayinlari jamoaga yulduz futbolochini jalb etishga jiddiy yondashgan va shu vaqt ichida ular hech qachon bu g‘oyadan voz kechishmagan. 2021 yilda “Inter”ning egasi Xorxe Mas "The Athletic” nashriga shunday degandi: Devid va men buni amalga oshirish uchun juda ko‘p harakat qilmoqdamiz. O‘ylaymanki, bu nafaqat Mayami, balki liga uchun ham o‘zgarishlarga sabab bo‘ladi.
Lionelning kelajagi borasidagi qarorlarni tanlashi tushunmovchilik va qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. U “Barselona”ga qaytishni istadi, Kataloniya klubi ham buni xohlardi. O‘rtada Saudiya Arabistoni varianti ham bor edi, arablar futbolchi uchun juda katta maosh taklif qilishgandi. Amerika ligasi uchun bu haqiqatan ham rivojlanish uchun kuchli qadamdir. Balki Messining kelishi turnirning yaqin tarixidagi misli ko‘rilmagan eng yaxshi hodisasi deb hisoblash mumkindir. Buning taʼsiri juda katta bo‘ladi (bu Leo o‘yin o‘tkazmagan bo‘lsa-da, hozirdan sezilmoqda). Buni 1975 yilda "Nyu-York Kosmos" jamoasiga kelgan va Shimoliy Amerika futbolida o‘ynagan Pele misolida yaqqol ko‘rish mumkin. U vaqtlarda liga NASL deya nomlanardi.
MLS qanday paydo bo‘lgan?
Pele kelganidan so‘ng, ikki yil ichida “Kosmos”ning uy uchrashuvlariga muxlislarning tashrifi 3500 dan 45 000 gacha ko‘paydi. Uch marta jamoa o‘z uy stadioniga 70 000 dan ortiq odamni yig‘di, o‘sha paytda buni tasavvur qilib bo‘lmasdi. Pele ligaga Jorj Best, Yoxan Kroyff, Frans Bekkenbauyer va Gerd Myullerni olib keldi. U futbol missioneriga aylandi va haqiqatan ham 1990 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun Amerika futbolining birinchi avlodini shakllantirishda ularning roli katta bo‘ldi. Bu orada NASL qulab tushdi, lekin bir muncha vaqt o‘tgach, MLS paydo bo‘ldi. Bekxem esa uni yana-da o‘zgartirish uchun keldi, undan keyin Zlatan Ibrahimovich ligada to‘p surdi. Messi har qanday biznesmenning orzusi. Qo‘shma Shtatlarda esa, ular, albatta, ushbu qimmatbaho aktivdan maksimal darajada foydalanishga harakat qiladi. Chunki, futbolchi bilan shartnoma imzolashning samarasi juda ham katta. “PSJ”ni eslaylik: birinchi yili Leo klubga ko‘p yillik shartnomalar bo‘yicha 700 million yevro olib keldi, chunki uning ortidan brendlar hamkorlik bo‘yicha takliflar bilan kelishdi. Dior, Gorillas, Big Cola, Crypto.com, Sports Water, Nike, va Coca-Cola kabi brendlarni bunga misol qilib keltirsak bo‘ladi. Sotilgan futbolkalarning 60 foizi argentinalik futbolchiga tegishli bo‘lgan. Umumiy to‘plam savdosi 40 foizga oshgan. Umuman olganda, Leoning Parijda bo‘lgan davridagi homiylik shartnomalari, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, klubga 10 million yevro foyda olib kelgan. Uning ketishi bilan klub bir necha kun ichida ijtimoiy tarmoqlarda kamida ikki million obunachisini yo‘qotdi.
AQSHda marketing qanday ishlaydi?
Messi bilan “Inter” Mayami Amerika ligasidagi eng qimmat brendga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Hamda nima bo‘lishidan qatʼi nazar, klub natijalari bunga yana ijobiy taʼsir ko‘rsatadi. Tijoriy jihatdan bu allaqachon jozibali loyiha ekanligi barchaga maʼlum.
Ijtimoiy tarmoqlar
Mazkur transfer yangiligidan oldin, klubning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 900 000 ga yaqin obunachisi bor edi. Hozirgi kelib esa bu ko‘rsatkich 8 millionlik dovondan ham o‘tib ketdi. MLSning boshqa hech bir klubi bunday natija bilan maqtana olmaydi.
Chiptalar
Messining transferi eʼlon qilingandan so‘ng birinchi kun ichida «Inter Mayami» uy o‘yini uchun o‘rtacha chipta narxi 31 dollardan 152 dollarga ko‘tarildi. Masalan, 25 avgust kuni «Nyu-York Red Bulls»ga qarshi o‘yiniga chipta hozirda 983 dollarni tashkil etadi. 3-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadigan “Los-Anjeles” bilan uchrashuv uchun narx o‘rtacha 400 foizga – 150 dollardan 785 dollargacha oshdi.
"Inter Mayami" stadioni
Messi qachon debyut qilishi nomaʼlum, biroq manbalar "The Athletic" nashriga tayanib uning birinchi o‘yini 21 iyul kuni "Inter Mayami" va Meksikaning "Kruz Azul" jamoalari o‘rtasidagi Liga kubogi doirasida bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytishmoqda. Uchrashuv uchun chiptalar narxi o‘rtacha 1248 dollar turadi.
Translyatsiyalar
MLS o‘yinlari "Apple TV" striming xizmati tomonidan translyatsiya qilinadi. "Apple” yaqinda mavsumning qolgan qismi uchun liga obunasini 99 dollardan 49 dollargacha pasaytirdi, bu esa yana-da ko‘proq auditoriyani jalb qilish imkoni beradi. Kompaniya o‘yinlarni tomosha qilish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni eʼlon qilmaydi, ammo “Apple”ning xizmatlar bo‘yicha katta vitse-prezidenti Eddi Kyu yaqinda obuna va ko‘rish raqamlari prognoz qilinganidan ancha yaxshi ekanligini aytdi.







