Ketayapmiz... qayoqqa? — ommaviy maqsadsizlik
“Noto‘g‘ri qarorlarimiz uchun biz hali ko‘p jazolanamiz. To‘laydigan tovonimiz esa juda qimmatga tushadi”.

Auditoriyaga kirdim. Kechki guruh. Yigirma sakkiz-o‘ttiz chog‘li talaba. Nigohlar o‘lik, hafsalasiz. Publitsistika (ocherk, felyeton, pamflet..) tugul axboriy janrlar (yangilik, xabar, reportaj...)dan bexabar. Birinchi sinf o‘quvchisiga qanday qilib to‘rtinchi sinfga mo‘ljallangan bilimni bera olasan? Qabul qila oladimi? Tayyormi?

Kichik so‘rovnoma o‘tkazdim. “Eng katta orzuingiz nima? Kim bo‘lmoqchisiz? Va nega hozir bu yerdasiz?” Javoblar kutganimdan-da hayratlanarli. Yigirma sakkiz talabaning atigi uch nafari shu sohani o‘zi tanlab kirgan. Qolgani esa “balli to‘g‘ri kelgani uchun” ro‘paramda o‘tiribdi. Ocherkni o‘rganishi va yozishi kerak bo‘lgan talabalarning to‘qson foizi “biznesmen”, “biznes ledi” bo‘lmoqchi.

Ularga qarab miyamda faqat bir fikr aylanyapti: “Noto‘g‘ri qarorlarimiz uchun biz hali ko‘p jazolanamiz. To‘laydigan tovonimiz esa juda qimmatga tushadi”.
Bizga jamiyatimizni yoppasiga diplomli qilish nimaga kerak edi? Savodsizlik, ishsizlik darajasini oshirish uchunmi?! Ko‘zi chaqnab turgan yoshlarni yo‘qotish, orzularini, umrini o‘g‘irlash, jamiyatda o‘z o‘rnini kechroq va tentirab, u devordan-bunisiga urila-urila topishi uchunmi?

Yiliga “pachka-pachka” jurnalist, doktor, aktyor, pedagog... uchirma bo‘lyapti. Lekin ularning qo‘nishi uchun qo‘noq bormi? Munosib ish joyi va munosib haq (maosh) topa oladimi? Va eng muhimi, ish beruvchining o‘nlab talablariga o‘zi ham javob bera oladimi? Alal-oqibat, ko‘chada qoladi. Yo yollanma ishchi bo‘lib chet davlatga ketadi, yo o‘ttiz yoshigacha yana o‘zini qidirish, asli nima istayotganini topish bilan ovora bo‘ladi. Va u yolg‘iz o‘zi bo‘lmaydi, atrofi o‘ziga o‘xshaganlar bilan to‘la. O‘zini, kasbini topolmagan odam(lar) jamiyatga nima bera oladi? Agressiya, tushkunlik, boqimandalik...

Ayb u bolalarda ham, davlat oliy taʼlim muassasalarida ham emas. “Talaba bo‘lolmadingizmi? Kallangizda “alif” ham yo‘qmi? Hechqisi yo‘q! Biz aynan sizga o‘xshagan kallavaramlarni qidirib yuribmiz, mana bizga hech qanday imtihonlarsiz o‘qishga kiring! Qop-qop pulingiz bo‘lsa, bas!” deya olishiga imkon bergan, to‘plagan balli asosida beshtalab, o‘zi qiziqmasa ham bitta universitetga ilinib qolishiga imkon bergan “IMKON BERUVCHILARDA!” Savobli ishingizni oxirigacha yetkazing, endi ularni mo‘may daromadli kasbda ishlashiga ham imkon bering!

O‘zi bizda maqsad bormi? Talabadan tortib tegishli idoralarda o‘tirganlargacha. Nima o‘zi maqsadimiz? Bilmaymiz! Eng yomoni shunda, bekor emasmiz, nimadir bilan shug‘ullanib turibmiz, kunimiz ham o‘tmay qolmayapti...
Talabalardan ham shu sabab orzusini so‘radim, maqsadini emas. Orzusi ham, maqsadi ham – PUL. To‘g‘ri, boy bo‘lish ayb emas, lekin u maqsad bo‘lishi kerakmi? Shunisi o‘ylantiradi. Eng kulgilisi esa nima uchun va qanday qilib degan savollarga javobi yo‘q.

Mayli, minglab demaylik, qarshimda o‘tirgan yigirma besh nafar yosh taqdiriga kim javob beradi? Maktabmi, universitetmi yo o‘zi ham maqsadsiz taʼlim TIZIMimizmi?
Aniqlashga yordam bering. Keyingi dars mavzusi — sud ocherki.
Ocherk epigrafi: “Noto‘g‘ri qarorlarimiz uchun biz hali ko‘p jazolanamiz. To‘laydigan tovonimiz esa juda qimmatga tushadi”.
Sevara ALIJONOVA







