Ukraina termasi jazolandi
Jamoa muxlislari irqchilikni aks ettiruvchi harakatlarni sodir etgan.

UEFA Angliya va Italiya terma jamoalari bilan o‘yinda muxlislarning xatti-harakati uchun Ukrainani jazoladi. Ukraina terma jamoasi 8 sentabr kuni Angliyaga (1:1), 12 sentabr kuni Italiyaga (1:2) qarshi maydonga tushdi. Har ikki o‘yin ham Yevro-2024 saralashi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Ushbu o‘yinlar vaqtida Ukraina terma jamoasi muxlislari irqchilikni aks ettiruvchi harakatlarni sodir etganligi sababli UEFA mamlakat futbol assosiatsiyasini 20 ming yevro jarimaga tortdi. Bundan tashqari Ukraina terma jamoasi navbatdagi uy uchrashuvini qisman yopiq holda o‘tkazishi belgilandi.
O‘yindan oldin Ukraina futbol assosiatsiyasi stadionning qaysi sektorlari yopilishi haqida UEFAga xabar berishi kerak. Ularning sig‘imi kamida 5 ming o‘rindiq bo‘lishi shart. Bundan tashqari, UEFA Ukraina terma jamoasi ishtirokidagi navbatdagi safar o‘yiniga chipta sotishni taqiqladi.
Shuningdek, muxlislar tribunada pirotexnika vositalaridan foydalangani uchun Ukraina futbol assosiatsiyasi 5 ming yevro jarimaga tortildi. Stadiondagi o‘tish joylarini to‘sib qo‘ygani uchun tashkilotga yana 8 ming yevro miqdorida jarima belgilandi.







