G‘azo sektoridagi hujumlarga Eronning aloqasi bormi?
Eron ushbu hujumga bir hafta oldin ruxsat bergani taxmin qilinmoqda.

Hamas va Isroil o‘rtasidagi hujumlardan so‘ng G‘azo sektoridagi vaziyatga Eronning ehtimoliy aralashuvi haqidagi savollar ko‘paya boshladi.
Hamas va Livandagi Hizbulloh partizan harakatining nomlari oshkor qilinmagan aʼzolari BBCʼga Eron ushbu hujumga bir hafta oldin ruxsat berganini aytgan.
Ammo Vashington rasmiysi AQSH hujumlarda Eronning qo‘li borligini tasdiqlash uchun hozirda hech qanday maʼlumotga ega emasligini bildirdi.
Shunga qaramay, siyosiy tahlilchilar bu haqiqat ekaniga ishonishmoqda. Ularning taʼkidlashicha, agar hujumlar ortida Eron turgani maʼlum bo‘lsa, bu mojaroni mintaqaviy qarama-qarshilikka aylantirishi mumkin.
Eron rahbarlari Hamasning hujumlarni maqtagan bo‘lsada, ular vaziyatga aralashish haqidagi gap-so‘zlarni rad etishmoqda.
Eron tashqi ishlar vaziri bu ayblovlarni rad etib, Tehron boshqa davlatlarning qaror qabul qilishiga aralashmagan, deya bayonot berdi.
AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Vashington bu hujum ortida Eron turganiga oid dalillarni hali ko‘rmagan.
Tehron ko‘p yillardan beri Hamasning asosiy homiylaridan biri bo‘lib, uni moliyaviy yordam va katta miqdordagi qurol-yarog‘, jumladan, raketalar bilan taʼminlab kelmoqda.
Isroil yillar davomida Eronning G‘azoga qurol yetkazib berish yo‘llarini buzishga harakat qildi.
“Bu Eronning Isroil va Saudiya Arabistoni o‘rtasida tinchlik shartnomasi tuzilishi haqidagi xabarlarga javobidir”, deydi Isroil tashqi razvedka agentligi zobiti.
Zobitning aytishicha, Eron shanba kungi hujumga haqiqatan ham buyruq bergan degan taxmin unchalik to‘g‘ri emas. Isroil so‘nggi oylarda Hamas rasmiylarining harakatini kuzatgan.
“Biz Solih al-Aruriy (tashkilotning harbiy qanoti rahbari) va boshqa Hamas yetakchilari Livan hamda Eron o‘rtasida uchrashuvlar o‘tkazayotganini, jumladan, Oliy yetakchisining o‘zi bilan uchrashganini ko‘rdik”, dedi u.
“Ammo bu hujum vaqtini kelishish uchun yetarli emas edi. Hujum kamida 75 foiz Hamas rahbariyatining mustaqil qarori edi”, deya qo‘shimcha qiladi zobit.
Tel-Aviv universitetining eronlik mutaxassisi Raz Zimmt ham shunday fikrda. O‘tgan dushanba kuni Bayrutdagi yig‘ilishda Eron hujumga yashil chiroq yoqqan.
Biroq, janob Razning aytishicha, hujum qarorini Hamas vaziyatdan hamda o‘z manfaatlaridan kelib chiqqan holda qabul qilgan.







