BMT Pokistonni afg‘onlarni deportatsiya qilishni to‘xtatishga chaqirdi
Deportatsiya 1,4 milliondan ortiq afg‘onlar uchun katta xavf.

Pokistonning muhojirlarni deportatsiya qilish rejasi mamlakatda yashovchi 1,4 milliondan ortiq afg‘onlarga taʼsir qiladi. Bu haqda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda Pokistonda 2 milliondan ortiq hujjatsiz afg‘onlar istiqomat qiladi, ulardan kamida 600 ming nafari Tolibon hokimiyatni egallaganidan keyin kelgan.
“Biz deportatsiyaga uchraganlarning ko‘pchiligi Afg‘onistonga qaytarilsa, o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, qiynoqlar, shafqatsiz va g‘ayriinsoniy muomalalar kabi inson huquqlarining jiddiy buzilishi xavfi ostida qolishiga ishonamiz”, dedi tashkilot matbuot kotibi Ravina Shamdasani.
Uning aytishicha, fuqarolik jamiyati faollari, jurnalistlar, huquq himoyachilari, sobiq hukumat amaldorlari va xavfsizlik kuchlari xodimlari, shuningdek, barcha ayollar hamda qizlar ayniqsa xavf ostida.
“1 noyabrga belgilangan muddat yaqinlashar ekan, biz Pokiston hukumatini inson huquqlari falokatiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kech bo‘lmasdan turib, afg‘on fuqarolarini majburiy qaytarishni to‘xtatishga chaqiramiz”, dedi Shamdasani.
Shamdasanining qo‘shimcha qilishicha, qish yaqinlashar ekan, har qanday ommaviy deportatsiyalar shu oy Hirot viloyatida sodir bo‘lgan bir qator vayronkor zilzilalardan so‘ng davom etayotgan Afg‘onistondagi dahshatli gumanitar inqirozni yana-da og‘irlashtirishi muqarrar.







