Yevropaning yosh monarxlari
Ular kimlar va nima bilan shug‘ullanadi?

O‘tgan haftada 18 yoshga to‘lgan Ispaniya malikasi Leonor butun buyon bo‘ylab muxlislar yig‘moqda. Ayniqsa o‘tgan haftadagi qasamyod marosimi taassurotlari hali ham odamlar yodidan chiqqani yo‘q. Tantanali marosimda u Ispaniya konstitutsiyasiga sodiqligini bildirdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yoritilgan qasamyod marosimi ijtimoiy tarmoqlarda ham yetarlicha muhokama qilindi.
Yevropa qitʼasidagi davlatlarning asosiy qismi respublika bo‘lsada, 12 tasida monarxiya saqlanib qolgan. Monarxlar real hokimiyatga ega emas, ammo sulola vakillari mamlakat pop-peyzaji va hatto omma fikrini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Eng mashhur oilalardan biri, shubhasiz, Britaniya qirollik oilasidir. Ammo piarchilarning mashaqqatiga qaramay, 70 yoshdan oshgan qirol Karl va qirolicha Kamilla yoshlarning ko‘nglini zabt etolmayapti. Shahzoda Uilyam va rafiqasi Ketrin ham 40 dan oshgan, ularning farzandlari esa TikTok‘da mashhur bo‘lishga hali yoshlik qiladi.
Qitʼada esa malika Leonordan boshqa yosh monarxlar ham ijtimoiy tarmoqlar yuziga aylanib bormoqda.
Nikolay, Daniya
Buvisi unda faqat Monpez grafi unvonini qoldirgan bo‘lsada, 24 yoshli Nikolayni xalq Daniya shahzodasi deb ataydi. Qirolicha Margrete II ning nevarasi karyerasini modellik biznesida qurmochda. U 2018 yilda London moda haftaligida birinchi marta podiumga chiqib, Burberry brendi kolleksiyasini namoyish qilgan.
Hozir u Fransiyaning Dior Homme brendi yuzi sanaladi.
2021 yilda Nikolay Ukrainaning Vogue Man jurnali bosh sahifasida paydo bo‘lgan. Jurnalga bergan intervyusida u o‘zini "ochiq va kamtar inson" deb baholagan.
Eloize Oran-Nassau
Eloize Niderlanliya taxtiga daʼvogar merosxo‘rlar ro‘yxatida beshinchi o‘rinda turadi. U sobiq qirolicha Beatriksning nevarasi va amaldagi qirol Villem-Aleksandrning jiyanidir. "Selfi qirolichasi"ning Instagram‘da 425 ming kuzatuvchisi bor.
Z avlod vakili sifatida u muxlislarini ekologik brendlarni tanlashga chorlaydi hamda moda va go‘zallik bo‘yicha maslahatlar ulashadi. Shu yil boshida Eloiza Niderlandiyaning Nikkie‘s Makeup Mansion realiti-shousida hakam sifatida qatnashdi.
2021 yilda u "Learning By Doing" nomli kitob chop ettirib, unda sayohatlar, kiyim-kechak va ovqatlar haqida so‘zlagan.







