Jahon

Rossiyalik oligarxlar sanksiyalar davrida qayerga uchmoqda?

Avval shunchaki Yevropaga borib keladigan odamlar endi Yevropa havo hududiga ham yaqinlasha olmayapti.

Rossiyalik oligarxlar sanksiyalar davrida qayerga uchmoqda?

Ukrainadagi harakatlar boshlanishidan oldingi ikki yil ichida rossiyalik oligarx Vladimir Yevtushenkov bilan bog‘liq Boeing 737 samolyoti butun dunyoni aylanib chiqqan edi. Jumladan, u Fransiya Rivyerasi, Saldiv va Seyshel orollari va dunyoning moliyaviy markazlari poytaxtlarida bo‘lishga ulgurdi.

 

Bu yil davomida esa mazkur samolyot faqatgina Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Belarus va Xitoyda ko‘zga tashlangan.

 

Reuters agentligi Rossiyaning boshqa boylari ham xususiy aviatransportidan foydalanishga bahona izlab qolganini aytmoqda. Avval jahonning istalgan nuqtasiga istagan vaqtida borgan odamlar Ukrainaga hujum ortidan berilgan sanksiyalar tufayli uyda qolish majbur bo‘lmoqda.

 

Boylar 2022 yil fevralidan keyin xususiy samolyotini qayta ro‘yxatga olishga kirishdi. Xuddi shu yo‘l bilan sanksiyalardan qochmoqchi bo‘lgan 50 ta samolyot ichida Yevtushenkovning Boeing samolyoti ham bor.

 

Rossiya aviatsiya sohasidagi yuqori lavozimlarni egallab turgan ikki manbaning so‘zlariga ko‘ra, bu samolyotlar yirik siyosatchilar va tadbirkorlarga tegishli. Chunki bu samolyotlar ro‘yxatga olingan chet davlatlari, jumladan Aruba va Men orollari g‘arb sanksiyalariga amal qiladi.

 

Ammo samolyotning Rossiya bayrog‘iga o‘tishi uning faqatgina mamlakat fuqarolariga sanksiya qo‘ymagan davlatlarga parvoz qilish imkoni borligini bildiradi. Shunga qaramay, Rossiya xususiy va korporativ samolyotlar parkiga tegishli 400 ta samolyotning qariyb yarmi chet elda.

 

Ayni paytda Rossiya bayrog‘i ostidagi biznes-jetlar soni 145 taga yetgan, 2022 yilda ular 97 ta edi.

 

Sanksiya siyosati doirasida Yevroittifoqning 27 davlati Rossiya samolyotlarini o‘zining havo hududidan foydalanish huquqidan mahrum qildi.

 

Shuning uchun avval ish yoki dam olish uchun Yevropaga oshiqqan oligarxlar endi Turkiya yoki MDH davlatlarigacha borib, u yerdan boshqa samolyotga o‘tirib uchishga majbur bo‘lmoqda. Shunda ham agar u shaxsiy sanksiyaga tushmagan bo‘lsa, sayohatini davom ettira oladi. Bunday tranzit parvozlar har hafta qayd etiladi.

 

Yuqorida tilga olingan Yevtushenkovning samolyoti 2020 yilning o‘zida Germaniya, Lyuksemburg, Shveysariya va Maldivga bir necha martadan, Xorvatiya, Chexiya va Seyshel orollariga bir martadan parvoz qilgani Flightradar24 tarixida qayd etilgan. Bundan tashqari, u 105 marta Rossiyaga, 17 marta Fransiyaga, Italiya va BAAga 8 martadan, 5 marta Buyuk Britaniyaga va to‘rt marta Turkiyaga kirgan.

 

2022 yil fevralidan beri esa faqat Turkiya, BAA, Ummon va Qozog‘istonda bo‘lgan.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"