Germaniya Ukrainaga harbiy yordamni ikki baravar oshirmoqchi
Bu haqda Germaniya Mudofaa vazirligi maʼlum qildi.

O‘tgan hafta Germaniya hukumati Ukrainaga harbiy yordam uchun davlat byudjetidan ushbu maqsadlar uchun ajratilgan 4 milliard yevroga qo‘shimcha ravishda yana 4 milliard yevro ajratishga qaror qildi. Bu haqda Bild nashri Germaniya Mudofaa vazirligidagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Dastlab Germaniya 2024 yilda Ukrainaga qurol yetkazib berish uchun 4 milliard yevro ajratdi. Biroq deyarli barcha mablag‘lar vaʼda qilingan yordamni yetkazib berish uchun “zaxiralangan”. Germaniya Mudofaa vazirligida yangi harbiy yordam paketlari uchun 120 million yevro qoldi.
Bild nashrining yozishicha, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius Ukrainaga yordam berish uchun yana 5 milliard yevro ajratishni talab qilgan. Natijada hukumat 4 milliard yevro ajratishga rozi bo‘ldi. Keyingi hafta Bundestag Byudjet qo‘mitasi rasman davlat byudjetiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha qaror qabul qilishni rejalashtirmoqda.
Nashrning qayd etishicha, Germaniya Mudofaa vazirligida yana 2 milliard yevro mavjud. Departament undan “uzoq muddatli mudofaa shartnomalarini amalga oshirish uchun mablag‘” sifatida foydalanishi mumkin. Urush boshlangandan beri Germaniya Ukrainaga 4,2 milliard yevrodan ortiq harbiy yordam jo‘natdi.Umumiy yordam hajmi, jumladan, harbiy, gumanitar va moliyaviy yordam qariyb 24 milliard yevroni tashkil etdi.







