Turkiyada yuk kemasi ikkiga bo‘linib ketdi
Hodisaga kuchli bo‘ron sabab bo‘lgan.

Turkiyaning Qora dengiz sohilida joylashgan Eregli porti yaqinida Panama bayrog‘i ostidagi yuk kemasi cho‘kib ketdi. To‘fon kemani ikki qismga bo‘lib tashlagan.
"Sohilga qarab ketayotgan kemaning bir qismi portning beton devorlariga urilib, qirg‘oqdagi amfiteatrga zarar yetkazdi”, deyiladi xabarda.
Barcha 13 nafar ekipaj aʼzosi qirg‘oqqa evakuatsiya qilingan. Ular orasida qurbonlar yo‘q.
Dam olish kunlari Turkiyaning ko‘plab hududlarida yomon ob-havo sharoiti kuzatilmoqda. Istanbul, Anqara, Izmir va 60 dan ortiq boshqa shaharlarda tabiiy xavfning sariq darajasi eʼlon qilindi. Sinoptiklar kuchli shamol, yomg‘ir va suv toshqini haqida ogohlantirdi. Aeroportlarda 200 ga yaqin ichki va xalqaro reyslar bekor qilingan.







