"Neftchi" Tojikiston milliy jamoasi futbolchisini sotib oldi
Klub futbolchi bilan ikki yillik shartnoma imzolagan.

"Neftchi" klubi Superliga-2024 mavsumi oldidan yangi transferlarni e’lon qilishda davom etmoqda. Farg‘ona klubi Tojikiston milliy jamoasining yana bir a’zosi Manuchehr Safarov bilan kelishuvga erishganini e’lon qildi.
"Tojikiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Manuchehr Safarov bugun "Neftchi" bilan shartnoma imzoladi va yangi mavsumda jamoamizning yarimhimoya chizig‘ida harakat qiladigan bo‘ldi. Jamoamiz futbolchi bilan ikki yillik shartnoma imzoladi", - deyiladi klub xabarida.
Ma’lumot uchun, Manuchexr Safarov o‘tgan mavsumni Toshkentning "Lokomotiv" klubida o‘tkazdi. U Pro ligada 13 uchrashuvda 1074 daqiqa harakat qilib, 1 ta gol urishning uddasidan chiqqandi. Futbolchi faoliyati davomida Tojikistonning "Xo‘jand", "Lokomotiv" va "Istiqlol" klublarida to‘p surgan. Manuchexr Safarov Tojikistonning turli yoshdagi terma jamoalarida va 2019-yildan buyon milliy terma a’zosi hisoblanadi.







