“Barsa” o‘rtoqlik uchrashuvida Meksika jamoasiga yengildi
Jamoa kichik hisobda imkoniyatni boy berdi.

Kataloniyaning “Barselona” va Meksikaning “Amerika” klubi o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvi yakuniga yetdi. Uchrashuv Dallasdagi (AQSh) “Kotton Boul” stadionida bo‘lib o‘tdi va 3:2 hisobida Meksika jamoasining g‘alabasi bilan yakunlandi.
"Barselona"ning gollariga qanot hujumchisi Lamin Yamal va hujumchi Mark Giu mualliflik qilishdi. “Amerika” safida esa hujumchilar Julian Quinones (dubl) va Enri Martin gol urishdi.
"Barselona" Meksika klubi bilan o'yin evaziga taxminan 5 million yevro ishlab olishi mumkinligi avvalroq xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, “Barselona”ning jarohat olgan Mark-Andre ter Shtegen, Inigo Martines, Markos Alonso, Gavi, Pedri va Ronald Arauxodan tashqari barcha asosiy futbolchilari Dallasga yo‘l olishgan.







