Xitoyning kemasozlik korporatsiyasi rahbari 13 yilga qamaldi
Hukmga ko‘ra, sobiq raisi poraxo‘rlik va mansab vakolatini suiisteʼmol qilganlikda aybdor deb topildi.

Xitoyda China Shipbuilding Corporation kompaniyasining sobiq raisi poraxo‘rlik va mansab vakolatini suiisteʼmol qilganlikda ayblanib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Seshanba kuni Xitoy sudi Xitoy kemasozlik korporatsiyasi (CSIC) sobiq raisi Xu Venminni poraxo‘rlik va mansab vakolatini suiisteʼmol qilganlikda ayblab, 13 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.
Shanxay birinchi oraliq xalq sudi qarori bilan Xu Venminga 5 million yuan miqdorida jarima solindi va pora sifatida olgan barcha pullari musodara qilindi. Pullar davlat g‘aznasiga o‘tkazildi.
Sud Xu Venminni 2001 yildan 2020 yilgacha davlat korxonalarida turli lavozimlarni egallab turgan vaqtida o‘z mansabini suiisteʼmol qilganlikda, tegishli tashkilot va jismoniy shaxslarga qurilish shartnomalari tuzishda, biznes hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda, o‘z mulkiga ega bo‘lishda, martaba ko‘tarilishida va omonatlarni jalb qilishda yordam berganlikda aybdor deb topdi.
Buning evaziga Xu Venmin ulardan 59,86 million yuandan (taxminan 8,43 million AQSH dollari) ortiq naqd pul va qimmatbaho buyumlarni olgan.
Sud hukmida qayd etilishicha, u 2013-2015 yillar davomida CSIC sho‘ba korxonasini qayta qurish jarayonida CSIC raisi sifatida o‘z vakolatlarini suiisteʼmol qilib, milliy manfaatlarga katta miqdorda zarar yetkazgan.







