Ronaldu yoki Messi - 2023 yilni kim yaxshiroq o‘tkazdi?
Afsonalar uchun yil natijalari.

Yevropada Krishtianu Ronaldu va Lionel Messi o‘rtasidagi qarama-qarshilik davri o‘z nihoyasiga yetdi. Futbolchilar yangi futbol bozorlarini rivojlantirib, boshqa mintaqalarga ko‘chib o‘tishdi. 2023-yil portugal va argentinalik uchun qanday o‘tdi? Afsonaviy futbolchilar qanday unvon va sovrinlarga ega bo‘lishdi?
Ronaldu Saudiya Arabistoniga yulduzlarni jalb qildi va yilning eng yaxshi to‘purari bo‘ldi
Krishtianu Saudiyaning «Al-Nasr» klubiga 2022-yil oxirida o‘tgan edi. Yil davomida Yaqin Sharqda Ronaldu kamida 230 million yevro ishlab oldi. Shuningdek, yozda portugaliyalik ortidan Saudiya Arabistoniga yulduzlar oqimi tezlashdi. Ronaldu yangi bozorni ochdi va endi ko‘pchilik Saudiya klublarining nomlarini bilishadi va vaqti-vaqti bilan sevimli futbolchilarining muvaffaqiyatlarini kuzatib borishadi.
38 yoshli Krishtianuning o‘zi esa o‘ziga qo‘ygan talablarini pasaytirmaydi: bir yil davomida u "Al-Nasr" va Portugaliya terma jamoasi uchun 59 uchrashuvda 54 ta gol urdi, bu 2023 yildagi dunyoning eng yaxshi natijasidir!
"Al-Nasr" 2022/2023-yilgi mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunladi va birorta ham mamlakat kubogini qo‘lga kirita olmadi. Joriy chempionatda jamoa peshqadam "Al-Hilol"dan 10 ochkoga ortda qolgan holda ikkinchi o‘rinda bormoqda. Ligada g‘alaba qozonish qiyin bo‘ladi, lekin Ronaldu jamoa bilan ekan, imkonsiz narsani o‘zi yo‘q. Vaholanki, portugaliyalikning "Al-Nasr"da allaqachon bitta sovrini bor! Jamoa finalda "Al-Hilol"ni mag‘lub etib (2:1) Arab chempionlar kubogini qo‘lga kiritdi. Hal qiluvchi bahsda Ronaldu dubl qayd etdi.
“Men “Al Nasr”da ekanligimdan juda xursandman va bu katta klub bilan ajoyib natijalarga erishishni intiqlik bilan kutaman. "Al-Nasr"ga avvalroq qo‘shilmaganimdan juda afsusdaman, ammo hozir men shu yerdaman va muvaffaqiyatga erishishimiz uchun jamoani qo‘llab-quvvatlayman”.
Messi AQSHda "futbol bum"ini yaratdi
2022/2023-yilgi mavsum oxirida Messining PSJ bilan shartnomasi yakuniga yetdi. Leo Fransiya chempionligini qo‘lga kiritdi, keyin esa parijliklar bilan shartnomani uzaytirmasligini ma’lum qildi. "Barselona" moliyaviy ahvoli tufayli o‘z afsonasini qaytara olmadi. Leoda ikkita variant bor edi: AQSH va Saudiya Arabistoni. Messi Shimoliy Amerika qit’asini tanlab, Devid Bekxemga tegishli bo‘lgan "Inter Mayami" klubi futbolchisiga aylandi.
Argentinalik futbolchi 2,5 yillik murakkab to‘lov sxemasi bilan shartnoma imzoladi. Xabarlarga ko‘ra, uning "Inter Mayami" bilan shartnomasi unga 12 million dollar (11,3 million yevro) asosiy maosh va kafolatlangan bonus sifatida 20,4 million dollar (19,3 million yevro) beradi. Pul borasida Leo Ronaldudan ortda.
"Inter Mayami" bilan Messi darhol MLS+MX Liga kubogini qo‘lga kiritdi va yettita o‘yinda 10 ta gol urdi va bitta golli uzatmani amalga oshirdi. Ammo “Inter Mayami” MLS pley-off bosqichiga chiqa olmadi. Umuman olganda, forvard “Inter Mayami” safida 14 ta o‘yin o‘tkazib, 11 ta gol urdi va 5 ta golli uzatmani amalga oshirdi. 2023-yilda Messi PSJ safida 22 uchrashuvda 10 ta gol urib, 6 ta golli uzatmani amalga oshirgandi.
Lekin Messi shaxsiy sovrinlar borasida yaxshiroq. Uning "Oltin to'p"i katta shov-shuvga sabab bo'ldi! Leo o'z faoliyatida sakkizinchi marta sovrinni oldi. "Time" jurnali Messini 2023-yilning eng yaxshi sportchisi deb topishi ham kutilmagan bo'ldi.
“Jamoaning joriy mavsumda qilgan ishlaridan faxrlanaman. Hammaning mehnati va sa'y-harakatlari bilan biz Liga kubogini qo'lga kirita oldik. AQSh kubogi finaliga chiqdik va MLS pley-off bosqichiga chiqish uchun oxirigacha kurashdik. Men klub va Mayami shahrining barcha ahliga bizni doimo qo'llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman".
So'nggi to'qnashuv
Messi va Ronaldu oxirgi marta 2023-yil boshida maydonda uchrashishgan. O'shanda PSJ Ar-Riyod terma jamoasi bilan o'ynagandi va ikkala futbolchi ham maydonga tushgandi. Uchrashuv parijliklarning 5:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan. Ronaldu dubl qayd etgan bo'lsa, Messi bitta gol urgan. Ammo afsonalarni oldinda yangi o'yin kutmoqda! Ular 2024-yilning fevral oyida Ar-Riyodda mavsum kubogi o‘rtoqlik turnirida to‘qnash kelishadi. Messi va Ronaldu o'rtasidagi o'yin so'nggi to'qnashuv deb ataladi.







