Gongkong hukumati Messi o‘rtoqlik bahsida o‘ynamaganidan norozi
U kamida 45 daqiqa o‘ynashi kerak edi.

Xabarlarga ko‘ra, hukumat Lionel Messining o‘yinda ishtirok etishini o‘z bo‘yniga olgan tashkilotchilardan javob talab qilgan va berilgan ko‘p million dollarlik to‘lovning bir qismini qaytarishni so‘rab tahdid qilgan. O‘yin uchun 15 mln Gongkong dollari (deyarli 2 mln AQSH dollari) sarflangandi.
Gongkong ma’muriyati rahbari Jon Li Kachxiuga argentinalik futbolchining maydonga tushishi aytilgandi. Ertalab rasmiylarga Messi sardorlik bog‘ichini taqib o‘ynashi haqida xabar berilgandi. Shartnomada forvard kamida 45 daqiqa maydonga tushishi shart edi. Hukumatga futbolchining jarohati tufayli vaziyat o‘zgargani haqida ma’lumot berilmagan.
Bahs oxirida rahbariyat hech bo‘lmaganda Messi kubokni olish uchun chiqishini va vaziyatni tushuntirishini so‘radi, ammo bu ham amalga oshmadi. "Inter" rahbari Devid Bekhem jamoatchilikdan uzr so‘rashga va’da berdi, biroq buni ham amalga oshirmadi.
Tashkilotchilarning aytishicha, ularga Messi ham, Luis Suares ham maydonga tushmasligi borasida hech qanday ma’lumot berilmagan.







