Saudiya yana katta transferlarni amalga oshirmoqchi
Bir qator futbolchilarga takliflar yuborilgan.

Saudiya Arabistoni chempionati o‘tgan yil davomida ko‘plab yulduzlarni qo'lga kiritdi. Ligaga Ronaldudan tortib Neymargacha top-futbolchilar yetib kelishdi. 2024-yilning yozida Saudiya Arabistoniga top futbolchilarning ko'chishi davom etadi. Mahalliy klublar kimga qiziqish bildirmoqda?
"Liverpul" vingeri Muhammad Saloh Saudiya Arabistoni klublari uchun eng yaxshi variant hisoblanadi. Ular misrlik futbolchini 2023-yilning yozida sotib olishga urinib ko‘rdi: “Atletik” nashri “Liverpul”ga futbolchi uchun 150 million funt taklif qilingani haqida xabar berdi. Biroq, Angliya rahbariyati yetakchini qo‘yib yuborishdan bosh tortdi. Ammo, 2024-yilning yozida Yurgen Klopp "Liverpul"ni tark etadi, bu Salohning boshqa joyga ko'chib o'tish qaroriga ta'sir qilishi mumkin.
Ma'lumotlarga ko'ra, "Al-Hilol" Salohni sotib olishga qiziqmoqda va u uchun kurashga qo'shilgan. Transfermarkt ma'lumotlariga ko'ra, 31 yoshli futbolchining narxi 65 million yevroni tashkil qiladi. Ammo, "Liverpul" Salohni bu pulga qo'yib yuborishi dargumon. Saudiyaliklar katta pul ajratishga majbur bo'lishi aniq.
2018-yilgi "Oltin to'p" sohibi Luka Modrich ham Yaqin Sharqqa yo'l olishi mumkin. Jurnalist Ekrem Qo‘ng‘irning yozishicha, xorvatiyalik futbolchi kelayotgan yozda Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tish ehtimoli mavjud. 38 yoshli yarim himoyachini o'z safiga qo'shib olish uchun bir qancha jamoalar da'vogarlik qilmoqda. Qayd etilishicha, Lukaning o'zi ham bu transferga ijobiy qaramoqda. Uning "Real" bilan shartnomasi iyun oyida tugaydi, shuning uchun u Saudiya Arabistoniga erkin agent sifatida o'tishi mumkin. Fransiyalik himoyachi Rafael Varan "Manchester Yunayted"dagi ishlaridan mamnun emas. 2018-yilgi jahon chempionining murabbiy Erik ten Xag bilan munosabatlari ijobiymas, shuning uchun uning boshqa klubga o'tishi juda yuqori. Variantlardan biri Saudiya Arabistoniga ko'chib o'tishdir. Xabarlarga ko'ra, "Al Ittihod" 30 yoshli Varanga yiliga 30 million yevro maosh taklif qilmoqda.
Hozirda shu bilan birga ko'plab futbolchilar Saudiya Arabistoni takliflarini rad etishmoqda. Misol uchun, "Chelsi" vingeri Rahim Sterling Yaqin Sharqqa o'tishni rad etdi. "The Telegraph" nashrining yozishicha, nomi oshkor etilmagan klub ingliz futbolchisiga yiliga 52 million yevro maosh taklif qilgan. Sterling agar taklifni qabul qilsa, Saudiya Arabistoni chempionatida Krishtianu Ronaldudan keyin ikkinchi eng ko'p maosh oluvchi futbolchiga aylanishi ham mumkin. Saudiya Arabistoniga juda ko'p yulduzlar kelishdi, ammo kuchli darvozabonlar unchalik ko'p emas. Kolumbiyalik David Ospina “Al-Nasr”da, marokashlik Bono “Al-Hilol”da, “Chelsi”da Chempionlar ligasi g‘olibi bo'lgan Eduard Mendi esa “Al-Ahli”da o‘ynamoqda.
Ammo, eng yaxshi darvozabonlar ro'yxati tez orada to'ldirilishi mumkin. Jurnalist Ashraf Ben Ayyadning xabar berishicha, "Barselona" darvozaboni Mark-Andre ter Shtegen Saudiya ligasi klublaridan biri bilan muzokaralar olib bormoqda. "AS" nashri xabariga ko'ra, "Al-Nasr" ikki top darvozabonga qiziqish bildirmoqda: David de Xea va Manuel Noyer. Klub allaqachon darvozabonlarga 30 million yevro maosh taklif qilgan, biroq hozircha ular rad etishgan.
Salohdan tashqari Saudiya shayxlarining ikkinchi orzusi Kevin De Bryuyne. "The Times" nashri xabariga ko'ra, Saudiya Arabistonining to'rtta eng boy klubi ("Al-Ittihod", "Al-Nasr", "Al-Hilol" va "Al-Ahli") belgiyalik futbolchini yozgi transferlar oynasidagi asosiy maqsad sifatida belgilagan. Ular "Manchester Siti" yarim himoyachisiga juda foydali taklif bilan chiqishmoqchi. Yozgi transfer oynasi ochilishiga uch oy qolgan bo'lsa-da, kelishilgan shartnomalar haqida hali ko'p ma'lumotlar yo'q. Ammo, bizni yoz davomida Saudiya Arabistonidan katta yangilik kutayotgani aniq.







