O'zbekiston

Prezident O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi

“Yer yuzida doimo tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lsin!”, deyiladi bayram tabrigida.

Prezident O‘zbekiston xalqini Qurbon hayiti bilan tabrikladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston halqiga Qurbon hayiti munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi. Tabrik matni davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan eʼlon qilindi.

 

“Muhtaram vatandoshlar!

 

Siz, azizlarni, butun xalqimizni tinchlik, mehr-oqibat va hamjihatlik fazilatlaridan tobora obod va munavvar bo‘layotgan yurtimizga kirib kelgan Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Ushbu saodatli damlarda barchamiz bu ulug‘ ayyomning ruhi va shukuhini chuqur his etib, el-yurtimiz bilan birgalikda shunday yorug‘ kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytamiz.

 

Xalqimiz hayotida ezgulik, mehr-muruvvat, saxovat va olijanoblik ramzi sifatida mustahkam qaror topgan Qurbon hayiti bugungi kunda biz uchun barcha sohalarda inson qadri yetakchi o‘ringa chiqayotgan Yangi O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar mazmuniga naqadar uyg‘un va hamohang ekani bilan yana-da ahamiyatli bo‘lib bormoqda.

 

Ayniqsa, mahalla va xonadonlarimizda tinchlik-osoyishtalik, do‘stlik va ahillik muhitini mustahkamlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar, kam taʼminlangan oilalar haqida g‘amxo‘rlik qilish, hech kimni mehr va eʼtibordan chetda qoldirmaslikka qaratilgan ezgu ishlarimizda muqaddas dinimiz, uning insonparvarlik mohiyatini o‘zida yaqqol ifoda etadigan ushbu fayzli bayram biz uchun ibrat maktabi, kuch-g‘ayrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.

 

Aziz do‘stlar!

 

Qalblarimiz quvonchga to‘lgan ushbu yorug‘ kunlarda keyingi yillarda mamlakatimizda azaliy diniy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas qadamjolarni obod qilish borasidagi ulkan ishlar, yurtimiz mo‘min-musulmonlarining ibodat arkonlarini, jumladan,
haj va umra ziyoratlarini erkin amalga oshirishlari uchun yaratib berilayotgan qulay sharoitlar haqida  so‘z yuritishimiz tabiiydir.

 

Qisqa muddatda Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy markazlari tashkil etildi. Abu Iso Termiziy, Abu Muin Nasafiy, Sulton Uvays Qaraniy, Suzuk ota yodgorlik majmualari tubdan obod qilindi. Yangitdan barpo etilayotgan Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markazida qurilish va jihozlash ishlari jadal davom ettirilmoqda. Shular qatorida shahar va qishloqlarimizda ko‘plab muhtasham masjidlar barpo etilmoqda.

 

Keyingi yetti yilda 60 mingdan ziyod yurtimiz musulmonlari haj amallarini bajardilar. Shu kunlarda yana 15 ming nafar vatandoshimiz ikki muqaddas shahar – Makka va Madina ziyoratiga borib, o‘zlarining ezgu orzularini amalga oshirmoqdalar.

 

Pok niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday ilohiy lahzalarda ularning barchasiga chin dildan haj ibodatlarini to‘liq ado etib, yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishlarini tilaymiz.

 

Hayit bayrami arafasida Makkai mukarramada bo‘lib turgan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, hurmatli muftiyimiz shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali bo‘lgan muloqotimizda yurtdoshlarimizning muqaddas haj ibodatini mukammal ado etishlari uchun barcha sharoitlar yaratilganini u kishi alohida taʼkidlab o‘tdilar. Umid qilamizki, hojilarimiz Vatanimizga qaytgach, jamiyatimizdagi mehr-oqibat muhitini yana-da mustahkamlash, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish, yoshlar tarbiyasi hamda oilalar totuvligini kuchaytirishda ibrat va namuna ko‘rsatadilar.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

 

Mana shu qutlug‘ lahzalarda turli zaruratlar bilan xorijiy ellarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizni ham samimiy tabriklab, ularga sog‘lik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.

 

Dunyoning uzoq-yaqin mamlakatlaridagi dindoshlarimizga ham qizg‘in qutlovlar yo‘llab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.

 

Ilohim, jahonning turli mintaqalarida davom etayotgan urush va janjallar tezroq barham topsin! Yer yuzida doimo tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lsin!

 

Aziz va qadrli do‘stlar!

 

Bugun biz ko‘pmillatli xalqimiz bilan birga Yangi O‘zbekistonni barpo etmoqdamiz. Yangi O‘zbekiston – bu yangi hayot, yangi taraqqiyot, baxtli kelajak degani.

 

Barchamiz hamjihat bo‘lib, boshlagan islohotlarimizni yana-da qatʼiy davom ettirsak, bu ulug‘ maqsadga so‘zsiz yetamiz.

 

Farzandlarimizni albatta bilimli, hunarli, odobli insonlar, chinakam vatanparvar avlod etib voyaga yetkazamiz.

 

Shu yo‘lda barchamizga baxt va omad yor bo‘lsin!

 

El-yurtimizni Yaratganning o‘zi panohida asrasin!

 

Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

 

Ulug‘ ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!”, deyiladi tabrikda.

 

custom img

O‘zbekistonda valyuta kursini shakllantirish tartibi o‘zgartiriladi

15-sentabrdan rasmiy almashuv kursini hisoblashda valyuta birjasidan tashqari banklararo bozorda tuzilgan bitimlar ham inobatga olinadi.

custom img

Piskom daryosida 15 kun avval cho‘kib ketgan erkakning jasadi topildi

SUP-doskada sayr qilayotgan fuqaro boshqaruvni yo‘qotib, qoyali qirg‘oqqa urilgan va suvga tushib ketgan

custom img

Elektrotexnika sanoatiga 2030-yilgacha 3 milliard dollar investitsiya jalb qilinadi

Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

custom img

Chorvoqda cho‘kib ketgan uchinchi fuqaroning ham jasadi topildi

Shu bilan qidiruv-qutqaruv operatsiyasi yakunlandi.

custom img

Toshkentda sovuq suv ham o'chiriladi: sanalar ma'lum qilindi

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida suv tarmoqlarida rejali profilaktika-ta’mirlash ishlari olib boriladi.

custom img

“Jonli konteyner”: 555 gramm oltin tanaga yashirildi

Hindistonga uchib ketmoqchi bo‘lgan 5 nafar fuqaroning ichki organlaridan jami 555 gramm quyma oltin va 200 gramm zargarlik buyumlari aniqlandi.

custom img

Saida Mirziyoyevaga qo‘shimcha vazifa yuklatildi

Prezident Administratsiyasi rahbari Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi.

custom img

Naqd pulda 176 mln so‘mgacha to‘lov qilish mumkin bo‘ladi

Yangi tartib bilan tovar va xizmatlar uchun naqd hisob-kitob qilishning amaldagi 25 mln so‘mlik chegarasi sezilarli darajada kengaytiriladi.

Shahodatnoma: №1346 Berilgan sana: 28.05.2020

G'oya muallifi: Firdavs Fridunovich Abduxalikov

Asoschisi: "Master Media Production and Broadcast"