O‘zbekiston 2030-yilgacha mis ishlab chiqarishni 500 ming tonnaga yetkazmoqchi
Mamlakatda 47 million tonna mis zaxirasi mavjud.

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va investorlar bilan muloqotda sohani rivojlantirish uchun mamlakatda mavjud imkoniyatlar haqida to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, joriy yilda uchinchi mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgan. Ushbu loyiha hisobiga mis ishlab chiqarish hajmi 300 ming tonnaga yetkaziladi. 2030-yilga borib esa bu ko‘rsatkichni 500 ming tonnaga oshirish rejalashtirilgan.
Hozirda O‘zbekistonda 47 million tonna mis zaxirasi mavjud.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, dunyoda yiliga 500 ming tonna mis ishlab chiqaradigan davlatlar sanoqli. Mamlakatdagi mis va kritik minerallar zaxirasi, salohiyatli yoshlar, tajribali tadbirkorlar hamda hamkorlikka tayyor investorlar sohada uzoq muddatli loyihalarni amalga oshirish uchun imkoniyat yaratadi.








