Andijonda ota aliment o‘rniga 2 xonali uy berdi
Erkak, shuningdek, 96 mln aliment pullarini ham to‘lagan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 17.09.2021 yildagi sud buyrug‘iga asosan qarzdor D.Sh.dan undiruvchi D.B. foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandlarining moddiy taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan.
Byuroning Andijon shahar bo‘limi tomonidan mazkur ijro hujjati yuzasidan ijro harakatlari olib borilib, aliment to‘lovlari o‘z vaqtida undirilib kelingan. Qarzdor D.Sh. 96 mln. so‘m aliment pullarini to‘lash bilan birga farzandlarining kelajagi uchun yana-da barqarorroq va manfaatli yechimni taklif qildi.
Tomonlar o‘zaro kelishuvga erishib, D.Sh. uch nafar farzandlari voyaga yetgunga qadar to‘lanadigan aliment pullari o‘rniga Andijon shahar, 1-kichik dahada joylashgan ko‘p qavatli uylardan 2 xonali xonadonni undiruvchi D.B. nomiga rasmiylashtirib berdi.
Ushbu holat farzandlar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘ygan, masʼuliyatli va ijobiy yondashuv namunasi sifatida eʼtirof etiladi. Bunday amaliy kelishuvlar nafaqat sud va ijro jarayonlarini yengillashtiradi, balki bolalarning barqaror muhitda o‘sishiga ham xizmat qiladi.







