Rossiyada migrantlar urib-tepib tashlandi
Holatga Migratsiya agentligi munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqda Rossiyada noqonuniy migrantlarga qarshi kuchli reyd o‘tkazilgani aks etgan video tarqaldi. Videoda OMON zobitlari migrantlarni tepkilab, ko‘chaga olib chiqayotganini ko‘rish mumkin.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur holat yuzasidan Rossiyaning huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan rasmiy maʼlumot kutilmoqda. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi va Migratsiya agentligining Rossiyadagi vakolatxonasi ushbu masalani nazoratga olgan.
Maʼlumotlarga ko‘ra, reyd yakunida hujjatlarida muammo aniqlangan 5–6 nafar shaxs ushlab qolinib, holatni aniqlash maqsadida ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan va ular orasida ikki nafar Tojikiston fuqarosi deportatsiya qilingan.
“Rossiya Hukumati vakillari va yirik ish beruvchilar tomonidan O‘zbekiston fuqarolarini ushbu mamlakatga tartibli va tashkillashtirilgan tarzda ishga jalb qilishga yildan - yilga keskin qiziqish ortib borayotgan bir sharoitda, ayrim huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan chet el fuqarolariga nisbatan bunday qo‘pol munosabatni kuzatilishi afsus va taassuf uyg‘otadi”, deyiladi munosabatda.







