Talabalar ham narkosavdoga jalb qilingan: Toshkentda yirik narkoguruh qo‘lga olindi
Gumonlanuvchilar internet-narkodo‘konda olti oydan buyon faoliyat yuritib kelgan.

Toshkent shahrida metаfedron, MDMA va kokain kabi giyohvandlik vositalarini internet orqali tarqatib kelgan narkoguruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Tezkor tadbirlar davomida ikki kilogrammdan ortiq narkotik modda musodara qilindi.
Ichki ishlar vazirligi Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda muqaddam sudlangan, 1998-yilda tug‘ilgan shaxs hamda uning ikki nafar jinoiy sherigi Yangi Hayot tumanida “Monza” rusumli avtomobilda narkotik moddalarni “zakladka” usulida tarqatayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Avtomobil va uning atrofi ko‘zdan kechirilganda 500 gramm metаfedron aniqlandi. Davom ettirilgan tezkor tadbirda MDMA va kokain, shuningdek, narkotik moddalarni qadoqlashda ishlatiladigan uch ming dona zip-paket, ikki kilogramm plastilin va izolyatsion lenta olib qo‘yilgan.
Tadbir Yakkasaroy tumanida davom ettirilib, “zakladchik” vazifasini bajargan olti nafar fuqaro narkotiklar yashirilgan joylardan moddalarni olayotgan vaqtida ushlandi. Keyingi tezkor surishtiruvlarda Mirobod tumanidagi yashirin joydan yana bir kilogramm metаfedron topildi.
Aniqlanishicha, qo‘lga olingan shaxslar orasida oliy ta’lim muassasalari talabalari ham bor. Ular internet-narkodo‘konda olti oydan buyon faoliyat yuritib kelgan. Narkotik moddalar esa O‘zbekistonga chet el fuqarosi bo‘lgan xalqaro narkokuryer orqali olib kirilgan.
Tezkor tadbirlar natijasida jami ikki kilogrammdan ortiq metаfedron, MDMA va kokain musodara qilinib, 100 ming 500 dozadan ortiq narkotik moddaning aholi orasida tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 273-moddasi 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.








