O‘zbekistonda 12 yillik ta’limga o‘tish: qonun loyihasi Senatga yuborildi
Bir yillik maktabga tayyorlov majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilanishi mumkin.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari maktabgacha va maktab ta’limi tizimlari integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjat bilan bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilash taklif etilmoqda. Bu orqali ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.
Loyiha asosida “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi. Unga ko‘ra, bir yillik majburiy tayyorlov mashg‘ulotlari maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tashkil etilishi, bolalarning ushbu tayyorlovdan o‘tish huquqi kafolatlanishi nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi maktabgacha va maktab ta’limi o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, bolalarni maktabga tayyorlash sifatini oshirish hamda fuqarolarga xorijiy davlatlarda o‘qishni davom ettirish uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.








