Iqtisodiy o‘sish barqaror, lekin mahalliy muammolar yechim kutmoqda
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv mintaqamizga salbiy ta’sir ko'rsatishi mumkin.

Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi besh oyda sanoat 6,4 foizga, eksport 18 foizga, xorijiy investitsiyalar esa 46 foizga oshganini ta’kidladi. Qiymati 3 milliard dollarlik 2,5 mingdan ziyod yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushdi, 2,4 million kishi daromadli faoliyat bilan band bo‘ldi.
Shu bilan birga, Prezident xalqaro mojaro o‘choqlarining, ayniqsa, Yaqin Sharqdagi keskinlashuvning mintaqamizga salbiy ta’siri bo‘lishi mumkinligini aytib o‘tdi. Savdo aloqalari va logistika yo‘llarining izdan chiqmasligi uchun har bir rahbar — hokimlar va vazirlar — vaziyatni oldindan ko‘ra bilib, topshiriq kutmasdan tashabbus bilan harakat qilishi shartligini ta’kidladi.
Davlat rahbari mahalliy muammolarni ham ochiq tanqid qildi. Masalan, Qumqo‘rg‘on markazidagi temir yo‘l shlagbaumi 200 metrga ko‘chirilsa, har kuni yuzaga keladigan tirbandlik bartaraf etiladi. Ammo bu oddiy muammoni hal qilish uchun na tuman, na viloyat hokimining vakolati yetadi — ruxsat markazdan olinadi.
Shuningdek, Termiz–Sariosiyo temir yo‘lining yarmi elektrlashtirilmaganligi sababli, yo‘lovchi poyezdlar elektr o‘rniga dizel lokomotivlarida ikki barobar ko‘proq vaqt sarflamoqda. Prezident bu borada Transport vaziri I. Mahkamov va “O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi Z. Narzullaevning befarqligini keskin tanqid qildi.







