Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiy va Ukraina xalqini Mustaqillik kuni bilan tabrikladi
Zelenskiy O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlikni yuksak qadrlashini ta’kidladi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi. Bu haqda Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda ma'lum qildi.
Davlat rahbari maktubida Vladimir Zelenskiy va Ukraina xalqini ushbu muhim sana bilan samimiy muborakbod etib, mamlakatga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tilaklarini bildirgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalari va o‘zaro hurmatga asoslangan munosabatlar kelgusida ham izchil rivojlanishiga ishonch bildirgan.
“Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik rishtalari va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib boraveradi”, — deyiladi tabrik maktubida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va davlat xizmatidagi faoliyatida muvaffaqiyatlar, Ukraina xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilagan.
O‘z navbatida, Vladimir Zelenskiy Shavkat Mirziyoyevga samimiy tabriklari uchun minnatdorchilik bildirgan.
U Ukraina O‘zbekiston bilan an’anaviy do‘stlik munosabatlarini yuksak qadrlashi, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik va savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirishga sodiq ekanini ta’kidlagan.
Ukraina Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga sihat-salomatlik va muvaffaqiyatlar, O‘zbekiston xalqiga esa tinch va farovon kelajak tilagan.








