Farg‘onada mahalla raisi majlisda vafot etgani aytildi
Holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy izoh berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida mahalla raisi hokimlikda soliq tushumi bo‘yicha o‘tkazilgan rasmiy yig‘ilish paytida haqorat qilingani va vafot etgani haqida xabar tarqalmoqda. Holat yuzasidan tuman hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, joriy yil 18 iyun kuni tuman hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari ishtirok etgan bo‘lib, unda ularga zimmasiga yuklatilgan vazifalar ijrosi yuzasidan topshiriqlar berilgan. Yig‘ilish tankidiy ruhda o‘tgan, lekin tuman hokimi tomonidan shaxsga nisbatan haqoratli so‘z ishlatilmagan.
Kaldushon mahallasi raisi Sharifjon Abdullayev yig‘ilish paytida sog‘ligi bilan bog‘liq muammolar sababli faoliyatini to‘xtatmoqchiligi aytib, yig‘ilishni tark etgan. Hokimlik tashqi hovlisida sog‘ligi yomonlashganligi sababli tez yordam chaqirilgan, tuman tibbiyot birlashmasiga olib borilgan. Afsuski, shifokorlarning saʼy-harakatlariga qaramasdan, vafot etgan.
“Furqat tumani hokimligi barcha ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini xolislikka, ishonchli va rasmiy maʼlumotlarga tayanishga, tekshirilmagan maʼlumotlar orqali jamoatchilik fikriga salbiy taʼsir o‘tkazmaslikka chaqirib qoladi”, deyiladi xabarda.







