Endilikda qamoqqa olinganlar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi
Qonunchilikka tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

O‘zbekiston qonunchiligiga kiritilgan yangi o‘zgartirishlarga ko‘ra, endilikda qo'lga olingan shaxslar tergov hibsxonasiga joylashtirilishidan avval majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu haqda tegishli qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlarga asoslanib xabar berildi.
Qonunchilikka “Jinoiy protsessual harakatlar vaqtida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga muvofiq, qo'lga olingan shaxslar tergov hibsxonasiga keltirilganidan so‘ng 2 soat ichida tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim.
Tibbiy ko‘rik tergov hibsxonasining o‘zida o‘tkaziladi va zarurat tug‘ilganda, ushlangan shaxsning roziligi bilan ko‘rikda ularning advokati ham qatnashishi mumkin.
Ko‘rik natijalari bo‘yicha belgilangan shakldagi rasmiy tibbiy xulosa rasmiylashtiriladi. Agar ko‘rik davomida mahbus tanasida jarohat, shikastlanish yoki boshqa zo‘ravonlik izlari aniqlansa, bu holatlar alohida tartibda hujjatlashtiriladi, mahbusga bu haqida rasmiy ravishda xabar beriladi va holat zudlik bilan prokurorga yetkaziladi.
Mazkur o‘zgartirishning asosiy maqsadi — hibsga olinganlarga nisbatan qiynoqlar va inson huquqlari buzilishining oldini olishdan iborat.







