Turkiyadagi qonli kechaga 9 yil to‘ldi
2016-yil 15-iyulda mamlakatda davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgandi. O‘sha tunda 250 dan ortiq turkiyalik shahid ketgandi, salkam 3000 odam jarohatlangandi.

2016-yilning 15-iyul kechasi. Bundan roppa-rosa 9 yil avval shu kuni Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgandi. O‘sha tunda Fathullohchi terror tashkilotining davlat to‘ntarishi tashabbusi Istanbuldagi ikki yirik ko‘prikning yopilishi va tanklarning ko‘chalarga kirishi boshlangandi.


Keyinchalik ko‘plab davlat muassasasi va tashkilotlari, jumladan, Turkiya Millat Majlisi, Prezident Majmuasi va Anqara viloyati xavfsizlik boshqarmasi bombardimon qilingan. Hujum uyushtirgan terrorchi tashkilotning maqsadi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘anga suiqasd qilish edi.
Shunday keskin vaziyatda davlat rahbari televideniye orqali jonli efirda chiqish qilib, Turkiya xalqiga murojaat qilgandan so‘ng odamlar o‘z demokratiyasini himoya qilish uchun maydonlarga to‘plandi va terrorchilarga qarshi kurashdi. Shu tariqa 16 iyul tongida Turk Qurolli Kuchlari, Xavfsizlik boshqarmasi va xalqning birlashuvi bilan terrorchilarning tashabbusi bostirildi.


Shundan buyon har yili 15 iyul sanasi jahon tarixida misli ko‘rilmagan qarshilik, xalq, milliy iroda va demokratiyani himoya qilgan millionlab odamlarning, yaʼni Turkiyaning g‘alabasi sifatida nishonlab kelinadi.
Bu yil Turkiyada davlat to‘ntarishiga urinishga 9 yil to‘ldi. Shu munosabat bilan Turkiyaning Toshkent shahridagi elchixonasida xotira marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir dasturiga muvofiq, dastlab o‘sha mudhish tunda halok bo‘lgan 252 nafar turkiyaliklar xotirasiga 1 daqiqalik sukut saqlandi va Istiqlol madhiyasi yangradi. Shundan so‘ng Qurʼon tilovat va duolar qilindi.


Turkiya elchisi janob Ufuk Ulatash nutq so‘zlab, sharmandali muvaffaqiyatsiz to‘ntarish tashabbusi uni amalga oshiruvchilar hech qachon tasavvur qilmagan va xohlamagan tarzda turkiyaliklar uchun Demokratiya va Milliy birlik kuni sifatida meros qolganini taʼkidladi.

“To‘qqiz yil avval o‘z xalqini, milliy iroda timsoli bo‘lmish parlamentimizni, qahramon politsiya va askarlarimizni, mamlakatimiz kelajagini nishonga olgan FETO o‘ylaymanki, xoinlarining bosqinchi o‘yinchog‘i bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz. Shuningdek yaxshi Bilamizki, ularga nisbatan zarracha bo‘sh kelish ham Vatanimiz bardavomligi, avlodlarimiz kelajagi, milliy birlik va hamjihatligimizning omonligi uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Ming yil davomida birodarona yashab kelgan xalqimizning o‘z irodasini, yuz yillik respublikasini, shahidlarining aziz xotirasini himoya qilgani; ularning ishg‘ol yoki zulmga taʼzim qilishdan zukkolarcha bosh tortishi va 15-iyulga o‘tar kechasi yoshi va jinsidan qatʼi nazar, ortga qaramay, o‘z vatanini himoya qilishlari biz uchun unutilmas ilhom manbayidir.
Shu munosabat bilan siz, O‘zbekistondagi turk jamiyatini tashkil etuvchi azizfuqarolarimizni birlik, hamjihatlik va birdamlikda harakat qilishingizni so‘rayman. Bizlarga “Bo‘linmaslik” hamda “Jips binolardek bo‘lish” yarashadi”, deydi elchi.

Tadbir davomida “15 iyul anatomiyasi: to‘ntarishga urinishdan tirilishgacha” nomli hujjatli film namoyish etildi. Unda tadbir ishtirokchilariga o‘sha qonli kechada yuz bergan voqealar namoyish etildi.







