Jurnalist Anora Sodiqova sudda yutdi: bloger 25 mln so‘m to‘laydi
Shuningdek, Mirsaid Haydarov jurnalistdan uzr so‘rab, postlarini o‘chiradi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Anora Sodiqova daʼvosi yuzasidan Shayxontohur tumani sudi chiqargan qarorni bekor qildi. Bu haqda inson huquqlari himoyachisi Abdurahmon Tashanov maʼlum qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, Bloger “Mufasa” - Mirsaid Haydarov 25 million so‘m maʼnaviy zarar va 5 million so‘m boshqa zararlarni qoplaydi. Shuningdek, u jurnalist Anora Sodiqovadan uzr so‘rab, postlarini o‘chiradi.
Eslatib o‘tamiz, jurnalist Anora Sodiqova Mufasa taxallusi bilan tanilgan bloger Mirsaid Haydarov ustidan sudga murojaat kiritgan. U o‘z murojaatida bloger Mufasa tomonidan Facebook‘da yozilgan post orqali qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga putur yetkazilgani hamda tuhmatga uchragani haqida bayon qilgan.
Mazkur shikoyatni ko‘rib chiqish sudya Dilnoza Shomatova raisligida 26 fevral kuni boshlangan. 28 may kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi jurnalist Anora Sodiqovaning Fuqarolik kodeksining 100-moddasi (Shaʼn, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish) asosidagi shikoyatini qanoatlantirmaslik bo‘yicha qaror chiqaradi.
Holat keng jamoatchilik, OAV vakillari va huquq faollarining noroziligiga sabab bo‘lgan. Jurnalist Anora Sodiqova ishni qayta ko‘rib chiqish uchun apelyatsiyaga topshirgan edi. Ayni paytda Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi Anora Sodiqova daʼvosi yuzasidan Shayxontohur tumani sudi chiqargan qarorni bekor qildi.







