“Qorabog‘ni tiklashdagi ilk sovg‘ani O‘zbekiston bergan”
Ozarboyjon prezidenti Sherzodxon Qudratxo‘janing savoliga javob berib, O‘zbekiston yordamini alohida e’tirof etdi.

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ni tiklash jarayonida O‘zbekistonning ko‘magini yuqori baholadi. Bu haqda u Xankandidagi media-forumda o‘zbekistonlik jurnalist Sherzodxon Qudratxo‘janing savoliga javob berar ekan, ta’kidladi.
“Biz uchun o‘zbek birodarlarimizning yordami juda muhim. Qorabog‘ni tiklash yo‘lidagi ilk sovgani O‘zbekiston bergan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Fuzulida 960 o‘quvchiga mo‘ljallangan Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochganmiz”, dedi Aliyev.
Forum davomida Sherzodxon Qudratxo‘ja Ozarboyjon prezidentiga bir nechta savollar berdi. Jumladan, Zangazur koridori va Aliyevning otasi – Haydar Aliyev haqida ham so‘radi. Ilhom Aliyev Zangazur koridorini mintaqa uchun strategik yo‘lak deb atadi. Otasi haqidagi savol esa uni hayajonga soldi.
“Vatanimiz uchun og‘ir damlarda xalqimizning baxtiga Haydar Aliyevdek inson bor edi. U paytda 70 yoshda edi, salomatligida ham muammolar bor edi. Lekin u mamlakatni inqirozdan olib chiqdi. Otam Qorabog‘ ozod qilinishini eng ko‘p orzu qilgan inson edi, afsuski, bu kunlarni ko‘ra olmadi”, dedi Ilhom Aliyev.







