Endi magistraturaga topshirishda til sertifikati kerak emasmi?
Tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarga oydinlik kiritildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda sertifikat talabi bekor qilingani haqida xabarlar tarqalmoqda. Holatga Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirib, 2025 yil 19 iyuldagi Prezident Farmoni noto‘g‘ri talqin qilinayotganini yozdi.
Qayd etilishicha, mazkur Prezident Farmoni bilan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritildi va baʼzilarining ayrim bandlari o‘z kuchini yo‘qotdi.
Xususan, 2021 yil 19 maydagi PQ–5117-sonli Qarorning 6-bandi to‘rtinchi xatboshisi chiqarib tashlandi. Ushbu bandda magistratura va doktoranturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikati talabining ilk joriy etilishi nazarda tutilgan.
“Biroq mazkur normaning chiqarib tashlanishi xorijiy til bo‘yicha sertifikatlar talabi butunlay bekor qilindi degani emas. Sababi 2024 yil 24 maydagi Prezident Farmoni bilan magistratura mutaxassisliklari va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim ixtisosliklariga qabul qilishda xorijiy tilni bilish darajasini belgilovchi milliy yoki xalqaro sertifikatlar talab etilishi belgilangan”, deyiladi rasmiy izohda.







