O‘zbekistonda kichik biznes uchun mehnat shartnomalarini elektron tarzda rasmiylashtirish imkoniyati yaratiladi
50 nafargacha xodimi bo‘lgan korxonalar ishchilarni onlayn yollashi va ishdan bo‘shatishi mumkin bo‘lgan yangi platforma ishga tushiriladi.

Yaqin oylarda O‘zbekistonda kichik biznes subyektlari uchun xodimlar bilan mehnat shartnomalarini masofaviy tarzda tuzish va bekor qilish imkonini beruvchi yangi elektron platforma ishga tushiriladi. Bu haqda Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Botir Zohidov ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, ushbu tizim xodimlar soni 50 nafargacha bo‘lgan korxona va tashkilotlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, hujjatlar aylanmasini soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish va mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga xizmat qiladi. Yangi platforma mobil ilova shaklida ham mavjud bo‘lib, undan foydalanish qulayligi bilan ajralib turadi.
Prezident topshirig‘iga muvofiq, ayniqsa xizmat ko‘rsatish va kichik tadbirkorlik yo‘nalishlarida mehnat shartnomalarini rasmiylashtirish jarayonlarini yengillashtirish orqali aholining ish bilan bandligini ta’minlashda sezilarli yengilliklar yaratilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, vazir mamlakatda malakali kadrlar yetishmovchiligi keskin dolzarb masalalardan biri ekanini qayd etdi. Tahlillarga ko‘ra, ayrim tarmoqlarda bu ko‘rsatkich 60 foizgacha yetmoqda. Bu holat, vazirning fikricha, ish qidiruvchilar va ish beruvchilar o‘rtasida samarali aloqa tizimining yo‘qligi, shuningdek, kasbiy ta’lim mazmuni bilan bozor ehtiyojlari o‘rtasidagi nomuvofiqlikdan dalolat beradi.
Kelgusida bandlik tizimini modernizatsiya qilish orqali mehnat organlari nazorat funksiyasidan voz kechib, ish beruvchilar bilan hamkorlikda kadrlar tanlash, yo‘naltirish va qayta tayyorlash bo‘yicha faoliyat yuritishi rejalashtirilgan. Kasb-hunar ta’limi esa uch bosqichli — boshlang‘ich, qo‘shimcha va qayta tayyorlov modellariga asoslanadi.







