Isroil JCh-2026 ga chiqsa, Ispaniya mundialda qatnashmaydi
Isroilning G‘azodagi harakatlari sabab Ispaniya hukumati futbol bo‘yicha Jahon chempionatidan voz kechish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.

Ispaniya hukumati 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatida qatnashishdan voz kechishi mumkinligini ma’lum qildi. Ushbu qaror Isroil saralashdan muvaffaqiyatli o‘tib, Mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa kuchga kiradi.
Hukumatning bunday keskin bayonotiga Isroilning G‘azodagi harakatlari sabab bo‘lmoqda. Ispaniyaning hukmron Sotsialistik ishchilar partiyasi (PSOE) vakillari Isroilni xalqaro sportdan chetlatish kerakligini ta’kidlashdi.
Bosh vazir Pedro Sanches bu borada FIFA va UEFA tomonidan Rossiyaga qo‘llanilgan sanksiyalarni misol qilib keltirdi: “Isroil xalqaro maydonlardan o‘z imidjini oqlash vositasi sifatida foydalana olmaydi”, — dedi u.
Ispaniyaning sport vaziri Pilar Alegría esa sportni “real hayotdan ajratib bo‘lmaydi” deya ta’kidladi va boykotni inson huquqlari masalasi sifatida baholadi. FIFA esa bu masalada murakkab siyosiy bosim ostida qolishi mumkin.







