“PSJ” hujumchisi “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritdi
Yilning eng yaxshi klubi deb “PSJ” tan olindi.

“Pari Sen-Jermen” va Fransiya terma jamoasi hujumchisi Usmon Dembele o‘tgan mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb topilib, “Oltin to‘p” sovrinini qo‘lga kiritdi.
28 yoshli futbolchi o‘tgan mavsumda 37 ta gol urdi va 16 ta golga assistentlik qildi. U “PSJ” tarkibida Chempionlar ligasi, Fransiya chempionati, Fransiya kubogi va Fransiya Superkubogida g‘olib chiqdi. Shuningdek, klublar o‘rtasidagi jahon chempionati finaliga yo‘llanma oldi. Fransiya terma jamoasi bilan esa Millatlar ligasida bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Eng yaxshi yosh futbolchi uchun beriladigan “Kopa” sovrini “Barselona” va Ispaniya terma jamoasi yarim himoyachisi Lamin Yamalga nasib etdi.
Yilning eng yaxshi klubi deb “PSJ” tan olindi. Jamoa murabbiyi Luis Enrike eng yaxshi murabbiy sifatida “Oltin to‘p” bilan taqdirlandi. Eng yaxshi darvozabon unvoni esa yaqinda “PSJ”dan “Manchester Siti”ga o‘tgan Janluidji Donnarummaga berildi.
Ayollar futbolida esa “Barselona” yarim himoyachisi Aytana Bonmati ketma-ket uchinchi marta “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritdi.
Maʼlumot uchun: “Oltin to‘p” sovrini 1956 yildan beri “Frans Futbol” jurnali tomonidan har yili topshiriladi. 2020 yildagi marosim koronavirus pandemiyasi sabab bekor qilingandi. 2010–2015 yillarda esa sovrin FIFA bilan hamkorlikda taqdim etilgan.







