O‘FA bir nechta klublarga nisbatan og‘ir intizomiy choralar qo‘llashni rejalashtirmoqda
“Navbahor lochinlari” va “Neftchi” klublariga Superligadagi ochkolardan 3 ochko olib tashlash taklif etilgan.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) Futbolchilar maqomi va o‘tishi bo‘yicha qo‘mita qarorlarining ijrosini o‘rganish natijasida bir qator professional futbol klublarining moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmayotganini aniqladi.
Mazkur tahlil davomida “Navbahor lochinlari”, “Neftchi”, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro”, “Qumqorgon-1977” hamda “TerDU” futbol klublari futbolchilar va boshqa klublar oldidagi qarzdorliklarini to‘liq bartaraf etmagani qayd etilgan.
Xususan, “Navbahor lochinlari” futbolchilari Jamshid Iskandеrov, Ibrohim Yo‘ldoshev, Diyorjon Turapov, Odil Hamrobekov, Abror Ismoilov, Shahzodbek Ubaydullayev hamda murabbiy Muhiddin Ortiqov oldidagi moliyaviy majburiyatlarni to‘liq bajarmagan. “Neftchi” klubi esa futbolchilar Azizbek Amonov, Manuchehr Safarov va Shohruh G‘adoyev oldidagi qarzlarini to‘lamagan.
Shuningdek, “Andijon” klubi “Paxtakor” va “Bunyodkor” jamoalari oldidagi mashg‘ulot kompensatsiyasi hamda transfer shartnomalari bo‘yicha qarzdor bo‘lib qolgan. “Xorazm” va “Buxoro” klublari ham “Paxtakor” oldidagi moliyaviy majburiyatlarini to‘liq ado etmagan.
O‘FA ma’lumotiga ko‘ra, avvalroq bu klublarga qarzdorliklarni bartaraf etish uchun muayyan muddat berilgan, ammo belgilangan vaqt ichida to‘lovlar to‘liq amalga oshirilmagan. Shu sababli, Futbolchilar maqomi va transferi bo‘yicha reglamentning 12-bis moddasi 6-bandi asosida bu holat takroriy intizomiy buzilish sifatida baholanmoqda.
Qarzdorliklarning davom etishi tufayli “Navbahor lochinlari” va “Neftchi” klublariga Superliga musobaqasida to‘plangan ochkolardan 3 ochko olib tashlash, shuningdek, qishki transfer oynasida xalqaro va milliy darajada yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, “Andijon”, “Xorazm”, “Buxoro” va “TerDU” klublariga ham transfer cheklovlari qo‘yilishi mumkin. “Qumqorgon-1977” futbol klubi esa intizomiy qoidabuzarliklar va moliyaviy majburiyatlarni bajarmagani sababli musobaqadan chetlashtirilish ehtimoli bor.
Mazkur masalalar 2025-yil 3-noyabr kuni O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining tegishli qo‘mitasida muhokama qilinadi. Yakuniy qaror klublarning moliyaviy intizomi va oldingi ogohlantirishlarga munosabatiga qarab belgilanadi.







